Bir podshoh vaziri bilan birga sayrga chiqibdi. Yoʻl-yoʻlakay ular bir qishloqqa kelib qolishibdi. Juda kichik, ammo shiringina bir uy oldida toʻquv dastgohida ishlab oʻtirgan qizni koʻrgan podsho unga yaqinlashib debdi:

– Salom, qizim, dadang uydami?

– Yoʻq, ozni koʻp qilishga ketdi.

– Onang uydami?

– Onam ham birni ikki qilish uchun ketgandi.

– Qizim, uyingiz juda chiroyli, ammo moʻrisi qiyshik.

– Qiyshiq boʻlsa bordir, lekin tutunni toʻgʻri tutadi.

– Senga bir gʻoz yoʻllasam, patini yulasanmi?

– Izningiz bilan eng mayda patlariga qadar tozalayman!

Shundan soʻng podshoh qiz bilan xayrlashib, vaziri bilan yana yoʻlda davom etibdi.

Saroyga yetganlarida podsho vaziridan soʻrabdi:

– Qiz bilan nima haqida gaplashganimni angladingmi?

– Rostini aytsam, hech narsani tushunmadim, olampanoh, – javob qilibdi vazir.

– U holda tez oʻrganib kel, boʻlmasa seni vazirlikdan ozod qilaman, – debdi shoh.

Qoʻrqib ketgan vazir shosha-pisha chiqib ketibdi. Suhbat maʼnosini qanday oʻrganishni oʻylar ekan, eng yaxshisi qizning oʻzidan soʻrashga qaror qilibdi.

– Jon qizim, biz bugun yoningga keldik. Yonimdagi kishi bilan suhbatlashding. Oʻsha soʻzlaringizning maʼnosi nima edi? Menga tushuntirib ber, iltimos. Keyin nima istasang soʻra, bajo keltiraman.

Shunda qiz javob qilibdi:

– Yaxshi, maʼnosini aytaman, lekin har bir javob uchun oʻntadan oltin berasiz.

Vazir uning shartini qabul qilibdi. Qiz esa anglatishni boshlabdi:

– U kishi mendan otamni soʻraganida «ozni koʻp qilishga ketdi» dedim, bu bilan dadamning dehqon ekanini, dalaga ekin ekish uchun ketganini bildirdim. Onam haqidagi savolga esa «birni ikki qilish uchun ketgandi» soʻzi bilan volidamning homilador ekanini va farzand koʻrish uchun ketganini aytdim. U «uyingiz juda chiroyli, ammo moʻrisi qiyshiq» deganida mening juda goʻzal, ammo koʻzlarim gʻilay ekanini qayd etdi. Men «qiyshiq boʻlsa bordir, lekin tutunni toʻgʻri tutadi» dedim va koʻzlarim gʻilay boʻlsa-da, yaxshi koʻrishini bildirdim.

Vazir qizning har bir javobiga oʻn oltindan beribdi va debdi:

– Olampanoh eng soʻng «Senga bir gʻoz yoʻllasam, patini yulasanmi?» deb soʻradi, bu nima degani?

Qiz kuldi va:

– U gʻoz siz, – dedi. – Bularning hammasini oʻrganish uchun bir talay oltin berdingiz.

Qissadan hissa: Eshitish bir qobiliyat, ammo tinglash va anglash oʻziga xos sanʼatdir.

Turk tilidan

Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.