Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasiga biriktirilgan Kosonsoy tumanidagi 45-sonli «Nurli maskan» maktab-internatida «Matonat» sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlari boʻlib oʻtdi. 

Aql gimnastikasi – shaxmat-shashka boʻyicha oʻyinlar qizgʻin kechdi. Boshlangʻich sinflar oʻrtasidagi shaxmat musobaqalarida M. Ahmedov, yuqori sinflarda esa M. Rahmonov shashka boʻyicha M. Nabiev (boshlangʻich sinf), A. Muhiddinov (yuqori sinf) gʻolib boʻldi.

60 metrga yugurish va uzoqlikka sakrash boʻyicha qizlar va yigitlar oʻrtasida bellashuvlar mutaxassislar nazorati va pedagoglarning kuzatuvi ostida boʻlib oʻtdi.

Kitobxonlik bellashuvlarida ishtirokchilar dastlab oʻzlari mutoaala qilgan asarlar haqida maʼlumot berishdi. Shundan soʻng hakamlar hayʼati tomonidan ularga savollar berilib, eng yaxshi natijaga ega boʻlgan ishtirokchilar respublika bosqichi yoʻllanmasi uchun kurash olib bordilar. Shuningdek, “Bahru bayt”, “Tez aytish”, “Sheʼrxonlik” yoʻnalishlari boʻyicha ham iqtidor egalarini aniqlandi. 

«Matonat» sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarining taqdirlash marosimida viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari, Kosonsoy tuman hokimligi mutasaddilari va tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi ishtirok etdi. Gʻoliblarga diplom, medalʼ, esdalik sovgʻalari taqdim etildi. Shuningdek, oʻz ishtiroki bilan hakamlar hayʼatining etirofiga sazovor boʻlgan oʻquvchilarga xam ragʻbatlantiruvchi mukofotlar topshirildi.

Faxrli oʻrinni egallagan ishtirokchilar musobaqalarning respublika bosqichi uchun yoʻllanmaga ega boʻldi.  

Gulchehra Buvamirzayeva,

“Postda” muxbiri,

Namangan viloyati.