Kunlardan birida fermer pichanxonada soatini yoʻqotib qoʻyibdi. Buyum qimmatbaho boʻlmasa-da, u uchun sevimli insonidan sovgʻa sifatida oʻziga xos qadrga ega edi. Shu sababli soatni uzoq izlabdi, har yerni tintib chiqibdi, lekin urinishlari naf bermabdi. Axiyri, holdan toyib, tashqariga chiqibdi va nariroqda oʻynab yurgan bolakaylarga koʻzi tushibdi. U bolalarni yoniga chaqiribdi va pichanlar orasidan soatini topib bergan odam mukofot vaʼda qilibdi.
Buni eshitgan shumtakalar toʻdalashib saroyga chopib kirishibdi. Pichanlar orasini «boshdan-oyoq» tekshirib, baribir soatni topa olishmabdi. Fermer umidini uzay deb turganda, bolalardan biri yaqinlashib, unga yana bir imkoniyat berishni soʻrabdi va bu vaqtda pichanxonaga hech kim kirmasligi lozimligini tayinlabdi. Fermer uning samimiy chehrasiga boqib, rozilik bildiribdi.
Bir muddatdan soʻng qoʻlida soat bilan chiqqan bolakayni koʻrgan fermer hayratdan ogʻzini ochib qolibdi. Quvonch va qiziqish hissi joʻsh urib, boladan bu ishni qanday uddalaganini soʻrabdi va «Hech narsa qilmadim. Shunchaki oʻtirib sukunatni tingladim. Atrof jimjit boʻlganida soatning chiqillagan ovozini eshitdim va shu tomonga yoʻnalib, axiyri izlab topdim», degan javobni olibdi.
Qissadan hissa: Xotirjam, sokin va betashvish ong xavotirli, asabiy va hayajonga berilgan ongdan koʻra yaxshiroq fikrlaydi. Miyangizga kuniga bir necha daqiqa boʻlsa-da sukunat onini taqdim eting. Shunda u sizni kutilayotgan natijalar, barqaror va baxtli hayot yoʻliga naqadar tez boshlab borishiga amin boʻlasiz.
Rus tilidan
Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
