Ayni kunlarda ichki ishlar organlarida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar samarali davom etmoqda.
Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati tashabbusi bilan “Maʼnaviyat oyligi” doirasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. “Maʼnaviyat marshruti” deya nomlangan ushbu tadbirda viloyat IIB hamda Urganch shahri boʻyicha IIOFMBning bir guruh yosh xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 686 yilligi munosabati bilan “Amir Temur va Temuriylar davri” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Ochiq va samimiy muloqot tarzida davom etgan ushbu uchrashuvda tadbir ishtirokchilari Amir Temur va Temuriylar davriga oid tarixiy maʼlumotlar bilan batafsil tanishtirildi.
“Maʼnaviyat marshruti”ning keyingi manzili Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi boʻldi. Yosh xodimlar bu yerda uzoq oʻtmishni oʻzida namoyon etuvchi tarixiy obidalar, asori-atiqalar hamda muzey-qoʻriqxonaning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishdi.
Taassurotlarga boy tarzda oʻtgan ushbu sayohat har bir yosh xodimga maʼnaviy ozuqa berishi bilan birgalikda, ularning oʻtmish va bugungi kun haqidagi bilimlarini yanada boyitishda ham muhim omil boʻlib xizmat qildi.
Xudoybergan JABBOROV,
Xorazm viloyati.
