Taʼkidlash kerakki, pandemiya barcha sohalar singari, taʼlim tizimiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi. UNESCOning maʼlumotiga koʻra, dunyo boʻyicha 1,7 milliard oʻquvchi darslar toʻxtatilgani bois anʼanaviy oʻqishdan mahrum boʻlishdi. Shundan soʻng avval ishlamagan, joriy etilsa-da, foydalanilmay turgan zamonaviy texnologiyalarni keng koʻllashga majbur boʻlindi. Taʼlim muassasalarining aksariyati toʻliq raqamli taʼlimga oʻtishdi.
Bugun taʼlim muassasalari anʼanaviy taʼlimga oʻtgan boʻlsa-da, axborot texnologiyalari imkoniyatidan keng foydalanish, sohani raqamlashtirish ustuvor vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Koʻplab oliy taʼlim muassasalari talabalar va oʻquvchilar uchun virtual taʼlim tizimlarini ishga tushirdi. Masalan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida maktab va akademik litsey oʻquvchilari, talabalar va AT sohasida bilim olishni xohlovchilar uchun virtual taʼlim yoʻlga qoʻyildi. Boshqa oliy taʼlim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida ham masofaviy taʼlim platformalari, mobil telefon va planshetlar uchun Google Classroom, Ereader ilovalari ishga tushirilib, onlayn darslar tashkil etilmoqda.
Individual foydalanish uchun elektron darsliklar keng joriy etilmoqda. Muhimi, masofaviy taʼlim va zamonaviy taʼlim texnologiyalari bilim olish imkoniyatini kengaytiryapti. Oʻquvchi yoki talaba oʻziga qulay vaqtda, uyidan chiqmasdan turib, individual oʻqituvchidan saboq olyapti. Imtihonlar ham masofadan turib oʻtkazilmoqda.
Bugun taʼlim tizimida keng qoʻllanilayotgan raqamli texnologiyalarning qanchalik samara berayotganini koʻpchiligimiz koʻrib, his qilib turibmiz. Oʻzingiz oʻylang, bir paytlar mamlakatimizning chekka bir hududida yashaydigan abituriyent poytaxtdagi qaysidir oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirishi uchun kelib-ketishida qanchalik ovora boʻlardi. Keyin titul varagʻini olishi uchun yana, imtihon kuni va imtihon javobi chiqqandan keyin yana va yana Toshkentga borishiga toʻgʻri kelardi. Bu sargardonlik uchun qancha vaqt, qancha mablagʻ ketishini faqat shunday kunlarni boshidan oʻtkazganlar biladi. Bugun esa oʻsha kunlar tarixda qoldi. Hozir respublikamizning eng chekka hududida yashaydigan yoshlar ham uyidan chiqmay turib, birvarakayiga 4–5 ta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirishi, imtihon natijalarini ham oʻtirgan joyida bilish imkoni bor.
Avval ota-ona farzandini maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish uchun koʻplab qogʻozlar toʻgʻrilashi, bir-necha kun ovora boʻlib bogʻchaga borishi, kamiga, kimnidir rozi qilishga majbur boʻlgan boʻlsa, bugun bola elektron roʻyxatga olinyapti. Navbati kelgach, yashash joyiga yaqin hududdagi MTTga joylashtiriladi. Yaqin kunlarda umumiy oʻrta maʼlumot toʻgʻrisidagi shahodatnomalarning ham elektron shaklda berilishini ana shunday qulayliklar sirasiga kiritish mumkin. Joriy etilayotgan tartibga koʻra, 9 va 11-sinf bitiruvchilariga beriladigan elektron shahodatnomalar oʻzbek va ingliz tillarida boʻladi. Bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish orqali bepul yuklab oladi. Endi oʻzingiz oʻylang, bu kabi qulayliklar evaziga budjetning qancha mablagʻi, qancha qogʻoz va vaqt tejaladi?! Korrupsiya degan illat kamayib, shaffoflik yuzaga keladi. Bularning hammasi taʼlim sohasiga joriy etilayotgan axborot texnologiyalari samarasidir.
Maktab taʼlimida oxirgi yillarda boʻlgan eng katta oʻzgarish sifatida oʻquvchilarni baholash jarayoni onlayn platformaga oʻtkazilgani va shu sabab qogʻoz jurnal, kundaliklardan voz kechilganini aytish mumkin. Soha vakillarining aytishicha, bu oʻzgarish qogʻozbozlikni 70 foizgacha qisqartirgan. Fan olimpiadalari shaffof va haqqoniy tizimga aylantirilganini eʼtirof etish mumkin.
Maʼlumki, koʻpgina rivojlangan davlatlar taʼlim tizimida axborot texnologiyalaridan unumli foydalanib kelmoqda. Aksariyat rivojlangan davlatlar taʼlim muassasalarida maktab darsliklaridan voz kechib, oʻquvchilar elektron darsliklardan foydalanib kelishayotganiga ancha boʻldi. Masalan, shu tartibga oʻtgan, taʼlimda yaxshi natijalarga erishayotgan Finlandiyada oʻquv dasturlarining taʼlim jarayoniga tatbiq etilishida anʼanaviy darsliklar bilan bir qatorda, innovatsion texnologiyalar yordamida tashkil etilgan elektron qoʻllanmalardan ham keng foydalaniladi. Mamlakatdagi aksariyat maktablar 2017-yildan dars vaqtida ruchkadan voz kechishgan. Dars jarayonida toʻliq kompyuter va planshetlardan foydalaniladi.
Basharti mamlakatimizda ham darsliklar elektron shaklga oʻtkazilsa, davlatning, xalqning qanchadan qancha puli iqtisod qilinardi. Shuning uchun taʼlimda axborot texnologiyalaridan keng foydalanishni davrning oʻzi taqozo qilmoqda. Xoʻsh, buning uchun nimalar qilish kerak? Birinchidan, albatta, mamlakatimizda internet infratuzilmasini yaxshilash, mobil operatorlar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, eng muhimi, aholining, ayniqsa, yoshlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining soʻnggi yutuqlarini oʻzlashtirishiga shart-sharoitlar hamda imtiyozlar yaratib berish lozim.
Shuningdek, oʻquv jarayonini tashkil etishda raqamli texnologiyalardan foydalanish koʻlamini kengaytirish va axborot resurslari, oʻqitish vositalari va masofaviy oʻqitish texnologiyalarini rivojlantirish, yuqori samaradorlikka ega raqamli qurilmalar bilan jihozlangan oʻquv xonalari, laboratoriyalar va boshqalarni oʻz ichiga olgan markazlarni tashkil etish shart.
Bundan tashqari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash, pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borish ham muhimdir. Shundagina, biz raqamli texnologiyalardan foydalanib taʼlim sifatini tushirmagan holda, yoshlarning bugungi kun talabi darajasida bilim olishiga erishamiz.
Foziljon MAMASHARIPOV,
«Postda» muxbiri.
