Bugungi globallashuv jarayoni har bir insondan, u davlat xizmatchisi yoki oddiy odam boʻladimi, zamon talabiga javob berishi, bilim va malakasini uzluksiz oshi­rib borishini taqozo etmoqda. Huquq-tartibot idoralari, xususan, ichki ishlar organlari xodimlari uchun esa bu ikki karra muhim sanaladi. Negaki, ular doim xalq orasida boʻladi, turfa feʼl, turli kayfiyatdagi odamlar bilan muloqot qiladi. 

Davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlarida xodimlarni xalqqa yaqinlashtirish, el dardi va tashvishi bilan yashashga, xizmat qilishga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon, birinchi navbatda, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlash­ga qaratilgan. 

Tizimda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasida jamoatchilik taʼsiridan samarali foydalanishga qaratilgan bir qator amaliy chora-tadbirlar oʻz samarasini bermoqda. Bunday ishlarni kelgusida yanada takomillashtirish, xizmat intizomini buzishga moyil boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan choralar qoʻllanilishida jamoatchilik taʼsirini keskin oshirish kerak. Bu borada zaruriy ishlar olib borilmoqda. 

Soha xodimi maʼnaviyati yuksakligi bobida koʻpchilikka namuna, ibrat boʻlishini zamon talab qilmoqda. Davr har birimizdan oʻzimizni tinimsiz taftish qilish, oʻz ustimizda muntazam ishlash, faoliyatimizni toʻxtovsiz takomillashtirishni taqozo qilmoqda. Shu bois xodimlardan muomala madaniyatiga rioya etish talab qilinadi. Shu oʻrinda xodimning maʼnaviy qiyofasi ham muhim oʻrin tutishini alohida taʼkidlash joiz. Chunki xodimning maʼnaviyati yuksak boʻlsa, xalq orasida obroʻ-eʼtibor qozonadi, mansab pogʻonalaridan yuqori koʻtariladi.

Biroq «Guruch kurmaksiz boʻlmaydi» deganlaridek, soha xodimlari orasida nopok, shaxsiy manfaatini davlat manfaatidan ustun qoʻyadigan, fuqarolar bilan qoʻpol munosabatda boʻladigan, Kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga rioya qilmaydiganlar ham yoʻq emas. 

Ichki ishlar organlari xodimi boʻlish, egniga xizmat libosini kiyish har kimga ham nisib qilavermaydi. Shu maʼnoda xodim hech qachon davlat xizmatchisi ekanligini unutmasligi lozim. Xodimlar faoliyatining negizi esa adolat va halollikdir. Aynan adolat va halollik tantanasi soha vakillarini sharaflaydi va obroʻsini oshiradi. 

Muomala madaniyati eng avvalo xodimlarning maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Xush­muomala xodim deganda, oʻz kasbini ardoqlaydigan, vazifasini bekamu koʻst bajaradigan, maʼnaviy yetuk, odobli, bilimli, tajribali, oʻz taqdirini Vatan taqdiri bilan bogʻlagan, mamlakat hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlarning mazmun-mohiyati va maqsadini teran anglagan holda uning faol ishtirokchisi sifatida oʻzini namoyon etadigan xodim tushuniladi. Ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilingan yosh xodimlardan ushbu koʻnikmalarni puxta oʻzlashtirishlari talab etiladi.

Hozirgi davrda ichki ishlar organlarining xodimi kundalik hayotda insoniy munosabatlarning eng murakkab jarayonlariga kirib boradi. Xalq manfaatlari va taqdirlari bilan bogʻliq boʻlgan oʻtkir mojaroli vaziyatlarda hakamlik vazifasini ado etadi. Shuning uchun uning kasb madaniyati adolatparvarlik, halollik, mehribonlik kabi olijanob fazilatlarni oʻz ichiga oladi. Xodimlarning asosiy vazifasi jamiyatga yot, huquqga zid axloqsizlik, nomaʼqulchilik kabi illatlarning yoʻlini toʻsish, insonlarning huquqlarini, qadr-qimmatini, or-nomusini, davlat va jamiyatning manfaatlarini himoya qilishdir.

Afsuski, keyingi paytlarda xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish, ularni haqorat qilish, ularning xatti-harakatlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish orqali shantaj qilish holatlari uchrab turibdi. Internetda osoyishtalik posbonlarini obroʻsizlantirish, noxolis axborotlarni boʻrttirib koʻrsatish holatlari kuzatilyapti.

Koʻpgina hollarda qonun doirasida ish koʻrayotgan ichki ishlar organi xodimining ustidan kulish, unga oʻz vazifasini ado etishiga toʻsqinlik qilish, kuch ishlatish shular jumlasidandir. Noxolis axborot tarqatayotganlar nega xizmat vazifasini bajarish paytida tinchlik uchun, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʻlida jarohat olib, nogiron boʻlib qolgan yoki jon fido qilgan insonlar haqida gapirishni ep koʻrishmaydi? Achinarli tomoni, bunday holatlardan xodimning oʻzi, yaqinlari, oila aʼzolari moddiy va maʼnaviy zarar koʻrishi mumkin. Ular ham bir oilaning boquvchisi, kimningdir farzandi, kimningdir otasi yoki aka-ukasi. Bu kabi holatlar ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar shakllantirish va tizimda halol ishlayotgan minglab xodimlar mehnatini puchga chiqarish yoʻlidagi urinishlardir. 

Darhaqiqat, hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlikni qadrlash, uning shukronasini qilish har birimizning burchimiz. Shunday ekan, zimmamizdagi vazifalarni vijdonan bajarish, xizmat intizomi va qonuniylikka qatʼiy rioya qilish, faoliyatimizni tanqidiy tahlil asosida qayta koʻrib chiqishimiz davr talabidir. Zero, el-yurtga fidoyilik bilan xizmat qilish yaxshiliklarning gultoji hisoblanadi. 

Azizjon FAYZIYEV, 

podpolkovnik.