Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qiluvchi ezgu gʻoya hamda maqsadlarimiz bilan boshlanuvchi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning mustahkam huquqiy kafolati boʻlib xizmat qilib kelmoqda. Jumladan, hokimiyatning boʻlinish prinsipi va bir-birini tiyib turish hamda manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasi hisobga olingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezident va Hukumat oʻrtasida vakolatlar qayta taqsimlandi.
Konstitutsiyada Oʻzbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida belgilanganligi davlat nafaqat demokratik tamoyillarga amal qilishi, shu bilan birgalikda, uning xalqni huquqiy va ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish majburiyati mavjud ekanligini taʼkidlandi. Davlat hokimiyati organlari tomonidan mazkur sohalarga alohida eʼtibor qaratilishiga urgʻu berilib, har bir mansabdor shaxsning jamiyat oldidagi masʼuliyatini oshirish lozimligi yana bir bor qayd etildi.
Bosh qomusimiz talablaridan kelib chiqib, birgina oʻtgan yilning oʻzida ijtimoiy sohaga ajratilgan mablagʻlar 134 trillion soʻmni tashkil etdi. Ushbu mablagʻlarning 2016-yilga nisbatan 5,6 barobar koʻpayganligi, albatta, quvonarli hol. Shuningdek, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini taʼminlash, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish boʻyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida»gi farmoyishi asosida Bosh qomusimizning oʻttiz ikki yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, unda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish choralari koʻrilyapti. «Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!» degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan koʻplab tashkiliy-amaliy hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Nafsilamrini aytganda, har birimiz taraqqiyotimiz va erkin hayotimiz kafolati boʻlmish Bosh qomusimizni oʻrganishimiz, targʻib qilishimiz lozim. Zero, odamlar oʻz huquq va erkinliklari, burch hamda majburiyatlarini bilgan, ularga amal qilgan va boshqalardan ham rioya etishini talab qila oladigan jamiyatda chin fuqarolik pozitsiyasi shakllanadi, bunday jamiyat soʻzsiz taraqqiy etadi.
Salohiddin HAMROYEV,
katta leytenant.
