Baʼzida tanishlarimning farzandlari bilan chiqisholmayotgani, ular xulqi buzilib ketayotgani haqidagi gaplarini eshitib qolaman. Tarbiyasi izdan chiqib ketayotganini, aytganini qilmayotganini kuyunib gapirishadi. Sir emaski, ota yoki ona boʻlib, bunday muammoga koʻpchiligimiz duch kelganmiz. Bunday vaziyatda koʻpchilikni bir savol qiynaydi: qayerda xato qildim? Ularga hamma sharoitni yaratib bergan boʻlsam, yana nima qilish mumkin? Shu muammo sabab farzandini psixolokka olib borganlar nechta? Har kuni bolalarini urishgan, kaltaklaganlar qancha?
Lekin bu holatda koʻpchilik hamma ayb oʻzida, oila muhitida ekanligini xayoliga ham keltirmaydi. Oʻzi birorta kitobni varaqlamay, butun vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazadigan ota oʻgʻlidan kitob oʻqishini talab qilishi toʻgʻrimi? Bu muhitda oʻsayotgan oʻgʻil qanday qilib kitob oʻqisin? YO ishdan kelib, yotib olib televizordan bosh koʻtarmaydigan ota-ona farzandlaridan dars qilishni, oʻqib-oʻrganishni talab qilishi qanchalik toʻgʻri? Birov eshikdan soʻrab kelsa «meni soʻrasa, uyda yoʻqlar deb ayt», deya farzandiga tayinlagan ona ulardan yolgʻon gapirmaslikni, toʻgʻrisoʻzlikni talab qilishi mantiqlimi?
Qayerdadir oʻqigandim, Yaponlardan «Sizlar farzandlaringizga qanday tarbiya berasizlar», deb soʻrashgan ekan. Shunda ular «biz hech narsa qilmaymiz, shunchaki oʻzimiz toʻgʻri boʻlib, ularga yaxshi tomondan oʻrnak koʻrsatamiz» degan ekan.
Bolalar ozgina soʻzingizdan, koʻpgina feʼlingizdan oʻrnak oladi. Soʻzingizni shirin, feʼlingizni goʻzal qiling!
Foziljon Mamasharipov.
