Tarixni kim yaratadi? Albatta, siz va biz. Ammo uni faqat tillarda emas, balki kelajak avlod uchun yozma holda qoldirish zarur. Buning uchun esa harakat va yetarli maʼlumotlar kerak...
Amir Temur va temuriylar saltanati dunyo tamaddunida oʻchmas iz qoldirgan. Shu sababdan ham temuriylarning zafarli yurishlari, ilm-fan ahliga koʻrsatilgan eʼtibor va tarix zarvaraqlaridan joy olgan boshqa olamshumul voqealar hamon muhokama etiladi.
Mustaqillik bizga tariximizni xolis va haqqoniy idrok etish, nomlari unutilishga mahkum etilgan ajdodlarimiz haqida toʻlaqonli bilish imkoniyatini qaytardi. Mana shu imkoniyat tufayli tariximizning nomaʼlum sahifalari va qatagʻon etilgan bobolarimizga bagʻishlab asarlar yozishga keng yoʻl ochildi.
Bergan imkoniyatlardan faqat isteʼdodli va fidoyi olim-u adiblargina emas, butun «ilmiy-ijodiy faoliyati» davomida ulugʻ mutafakkirlarimizni, shu jumladan, Amir Temur va temuriylarni qoralab, ularga qarshi kurashib kelgan olimlik daʼvosidagi kimsalar ham unumli foydalandi va foydalanishmoqda.
Har birimizning aziz Vatanimizga mehrimiz cheksiz. Shu buyuk mehr bizni jonajon yurtimizni asrab-avaylashga, hamjihat va ahil yashashga, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishga undab turadi. Prezident taʼkidlaganidek, «eng muhimi, bugun xalqimiz dunyoqarashi oʻzgargan, ezgu maqsadlarga erishishga katta ishonchi shakllangan. Demak, Taraqqiyot strategiyamizda koʻzlangan maqsadlar va undan keyingi qutlugʻ marralarni zabt etishimizga hech kimda shubha yoʻq».
Albatta, hech bir xalq oʻzligini anglagan holda, milliy madaniyati va qadriyatlarini asrab-avaylamasdan turib, boshqa xalqlarning qadriyatlariga hurmat bilan qaray olmaydi. Yangi Oʻzbekistonning kuch-qudrati xalqimizning umuminsoniy qadriyatlariga sodiqligidadir. Jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichlarida ijtimoiy hodisalarga munosabat xilma-xil tarzda namoyon boʻladi. Xususan, mustaqilligimizning birinchi kunidan boshlab hayotimizning barcha jabhalarida «qadriyatlar», «milliy tiklanish», «milliy ong», «milliy gʻurur» «milliy vatanparvarlik» kabi atamalar tez-tez ishlatiladigan boʻlib qoldi. Bu bejiz emas, albatta.
Zotan, gʻururimiz, Vatanimizga boʻlgan mehr-muhabbat «Inson qadri uchun» tamoyiliga asoslanadi. Prezidentimiz iborasi bilan aytganda, «milliy qadriyatlarimizda alohida oʻrin tutadigan avlodlar oʻrtasidagi anʼanalar davomiyligini saqlash, urush va mehnat faxriylarining, muhtaram otaxon va onaxonlarimizning hayotini yanada mazmunli qilish nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizga aylanmoqda. Shuningdek, biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda azm-u shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz».
Biz oʻz tariximizda hech qachon hech kimga hasad, yovuz niyat bilan qaramaganmiz va boshqalardan ham shuni talab qilishga haqlimiz. Lekin bu borada ham bizga qarshi qaratilgan maʼnaviy va mafkuraviy tahdidlar davom etmoqda. Mafkura sohasida yurt ravnaqiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼnaviy tajovuz – bu oʻzbek millati tarixini soxtalashtirish, turli xil gʻayriilmiy talqinlar, siyosiy shiorlar bilan bizni tariximizdan, sharafli oʻtmishimizdan judo qilishga urinish tarzida namoyon boʻlmoqda. Bunday sharoitda barchamiz xalqimiz va yurtimizni, mustaqillikni asramogʻimiz lozim, buning uchun esa uning haqiqiy tarixini oʻrganish, avaylab himoyalash lozim.
Qadrlash degani – bu asrlar davomida ona yurtimizni, xalqimiz ozodligi va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshlarni yodga olmoq, ularga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatmoqdir. Shu sabab ham maʼnaviyatning ajralmas tarkibiy qismi boʻlgan tarix fani istiqlol yillarida oʻzining haqiqiy vazifasini ado etishga – xalqning oʻzligini anglatishga xizmat qilishga kirishdi.
Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻqligi, tarix millat uchun ruhiy oziq ekanligi, ayni haqiqat. Shu bois haqqoniy tarixni tiklash, uning rivoji uchun barcha zaruriy shart-sharoit, imkoniyatlar yaratildi. Kun tartibiga haqqoniy tarixni birlamchi manbalar asosida yaratish, uni xolisona talqin etish, bahs-munozaralar asosida tarixiy haqiqatni tiklash vazifasi qoʻyildi. Tarix va hozirgi zamon voqeliklariga murojaat qilish bizning ijtimoiy tafakkurimizdan hayotni idrok etishning mavhum va aqidaparastlik qoliplarini yengib oʻtishni, mustaqil fikr yuritish va sodir boʻlayotgan jarayonlarni xolisona baholay olish qobiliyatini talab etadi. Qotib qolgan eski aqidalardan voz kechish – tarix va oʻtmishdan voz kechish degani emas. Kechagi hayotdan, tarixdan hech qachon voz kechib boʻlmaydi. Tarix qanday boʻlmasin, biz uchun hayotdan saboq va xulosalar chiqarish uchun xizmat qiladi.
Tarixini, oʻzligini anglab yetgan, qalbiga quloq solgan har bir inson oʻziga, men bu foniy dunyoda nima ish qildim, yana qanday ishlar qilishga vaqtim va qurbim yetadi, degan savolni berishi kerak. Ana shu savol inson qalbini tozalaydi, uni savobli, ezgu ishlarga chorlaydi. Xullas, maʼnaviyatda insonning imon-eʼtiqodi, axloqi, tarix, hayot maʼnosini qanday tushunishi, ichki dunyosi namoyon boʻladi. Vatan, tarix, xalq oldidagi burchni anglash ham yuksak maʼnaviyat belgisidir.
Maʼnaviy barkamol inson – oʻzining savobli ishlari bilan kechirgan hayotidan rozi ketadi. Tarixiy qadriyatlarga, ularni elga qaytarish, tanitishga boʻlgan saʼy-harakatlardan koʻzda tutilgan maqsad shuki, har bir inson oʻz umrini tabarruk zotlar kechirgan hayot bilan taqqoslarkan, koʻnglidan men ana shu salaflarimizga munosib vorismanmi, degan savol oʻtsin. Ular shu qadar buyuk meros qoldiribdi, mendan nima qoladi, degan tuygʻu bilan oʻz faoliyatini baholasin. Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, aynan yuqoridagi sabablarga koʻra, tarixni bilish va qadrlash milliy oʻzlikni anglash hamda maʼnaviyat yuksalishi bilan uzviy bogʻliq masala hisoblanadi.
Sarvar SOBIROV tayyorladi.
