“Shinelli yillar”. Taniqli adib Shuhratning bu romani haqida juda koʻp iliq fikrlar, maqtovlar eshitganman. Hozir sizga shu asarni oʻqish uchun asosiy sabablarni keltirmoqchiman.

Avvalo, “Shinelli yillar” inson irodasi, matonati va doʻstlik, hamjihatlik haqida soʻzlaydi, uni soʻzlar orqali tasvirlab beradi. Urush yillaridagi qiyinchiliklar, dushman askari yoki quroli roʻparasida choʻchimay turgan, yurti va yurtdoshlari tinchligini asrash yoʻlida jonini fido qilgan qahramonlar bilan tanishasiz. 

Asarda mayor Elmurod Nodirov bosh qahramon sifatida olinganiga qaramay, yozuvchi har bir personajni asosiy planga olib chiqa olgan. Muharram, Zebo, Elmurod va Rashid toʻrtligida sevgi, muhabbat hamda insoniy fazilatlar sinovi chiroyli ochib beriladi. Bir-birini tushunish, vaqti kelganda, qoʻllab-quvvatlash qahramonlarni birlashtirib turgan asosiy ip boʻlib, sizni asarni oxirigacha kiprik qoqmay oʻqishga undaydi.

Romanda, garchi urush yillari, jang sahnalari tasvirlangan boʻlsa-da har bir bobda odamiylik, doʻstga sadoqat alohida lavhalarda tasvirlanadi. Murzin kabi oʻzini sevadigan, qiyinchiliklardan qoʻrqadigan, hech kimga sadoqatli doʻst boʻla olmaydigan yigitlarning achchiq taqdiri sizni befarq qoldirmasligi aniq.

Romanda tinchliksevar xalqlarning Gitler armiyasiga qarshi olib borgan kurashi obrazli ravishda haqqoniy koʻrsatilgan. “Shinelli yillar” jang koʻrgan yozuvchining qalamiga mansub boʻlgani uchun undagi jang manzaralari, harbiy hayot tasviri aniq, haqqoniy tasvirlangan.

Guli Nigor AVAZOVA.