“Maʼnaviyat oyligi” doirasida oʻtazilgan navbatdagi madaniy-maʼrifiy tadbir fargʻonalik bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari uchun qoʻshaloq bayramga aylandi. 

Boisi, shu kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.  

Osoyishtalik posbonlarining farzandlari viloyat IIB rahbariyati qoʻlidan tavsiyanomalarni qabul qilib olarkan, kelajakda Vatanimiz uchun kerakli kadr boʻlib yetishishga, ota-onalarining ishini munosib davom ettirishga, yurt tinchligini koʻz qorachigʻidak asrashga soʻz berdilar.

Eʼtiborlisi shundaki, bu yil viloyat boʻyicha 125 nafar xodimning farzandlari ana shunday baxtga musharraf boʻldi.

– Bugun bizning oila uchun judayam quvonarli kun boʻldi,– deydi Birinchi mintaqaviy hudud patrulʼ-post xizmati otryadi ikkinchi guruh safdor-xodimi Abdurashid Tojiboev. – Farzandlarim Charosxon Abdunazarova hamda Abduvoqqos Abdunazarovga oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar taqdim etildi. Fursatdan foydalanib, xodimlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik qilib, ana shunday imtiyozlar yaratib bergani uchun Vazirlik rahbariyatiga barcha ota-onalar nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman. Kelajakda bu eʼtibor va ragʻbatni oʻzimning samarali xizmatim bilan oqlashga soʻz beraman.

Shu kuni ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarasi qoshidagi “Liderlar” jamoasi hamda Fargʻona davlat universitetining isteʼdodli talaba-yoshlari ishtorikida “Quvnoqlar va zukkolar” nomli konsert dasturi ham namoyish etildi.

Abduvosit SIDIQOV,

"Rostda" muxbiri.

Fargʻona viloyati.