Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

«Hayot – bu teatr, undagi odamlar – aktyorlar», degan edi ingliz dramaturgi Uilyam Shekspir. Daho ijodkorning ushbu fikriga tayanib «Teatr – bu hayot, uning bir parchasi» deyish ham mumkin. Zero, hatto rivoyat-u afsonalarga asoslangan teatr tomoshalari zamirida ham insonning hayot haqidagi tasavvurlari yotadi.

Ona yurtimizda teatr sanʼati juda qadim tarixga ega. Unig ildizlari ibtidoiy jamoa davriga borib taqaladi. Oʻsha zamonlarda ajdodlarimiz ov va boshqa mehnat jarayonlarini taqlidiy raqslar, jangovar oʻyinlar hamda xalq oʻyinlari shaklida ifoda etishgan.

Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Klavixolarning maʼlumotlariga qaraganda, Amir Temur saltanati poytaxtida va boshqa yirik shaharlarda teatrlashgan tomoshalar namoyish qilingan. XIX asrning ikkinchi yarmida esa Qoʻqonda Zokir qiziq boshchiligida bir guruh qiziqchilar, Buxoroda Toʻla masxara yetakchiligidagi masxarabozlar xalq orasida mashhur boʻlgan. Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romanining «Xon koʻngil olmoqchi», «Qiziqlar» boblarida aynan Zokir qiziq rahbarligidagi qiziqchilarning Xudoyorxon saroyidagi tomoshalaridan bir parcha aks etgan.

Turkistonda tom maʼnodagi teatrga Mahmudxoʻja Behbudiyning «Padarkush» asari yaratilganidan soʻng asos solindi. Muallifning oʻzi asarini janr jihatdan «milliy fojia» deb atagan. «Padarkush» dastlab 1914-yilning 15-yanvarida Samarqandda, oʻsha yilning 27-fevralida esa Toshkentda sahna yuzini koʻrdi. Abdulla Avloniyning «Turon» havaskorlik teatr truppasi 1914 – 1916-yillarda butun Fargʻona vodiysi boʻylab spektaklni namoyish etdi. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, mazkur teatr tomoshasi gʻaflat uyqusida yotganlarni goʻyoki uygʻotib yubordi. Zero, Behbudiyning oʻzi ham «Oyna» jurnalining 1914-yil 29-sonida chop etilgan «Teyotr nadur?» maqolasida «Teyotr ibratnamodur, teyotr vaʼzxonadur, teyotr taʼzir adabdir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda koʻzliklar koʻrib, kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr vaʼz va tanbeh etguvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayon koʻrsatguvchidur», – deb yozgan edi. «Padarkush» asari garchi hozirgi mezon bilan oʻlchaganda, mazmunan nihoyatda sodda boʻlsa-da, ushbu talablarga toʻla javob berardi. Yuqoridagi talablar bugungi kunda ham oʻzgargani yoʻq. Bizning davrimizda ham teatr ibrat maskani hisoblanadi. Ushbu sanʼat dargohiga qadam ranjida qilgan inson tomoshadan soʻng oʻzi uchun ibrat, saboq olib qaytishi lozim.

Teatr nihoyatda kuchli tarbiyaviy taʼsir kuchiga ega. Shuning uchun mustaqillik yillarida mazkur sanʼat turi rivojiga alohida eʼtibor qaratildi. Istiqlol davrida teatr repertuarlarida tarixiy mavzularga keng oʻrin berildi. Bahouddin Naqshband, Imom al-Buxoriy singari ulugʻ allomalarimizning hayoti va faoliyatini yorituvchi asarlar sahnalashtirildi. Ayniqsa, Amir Temur bobomiz va temuriylar toʻgʻrisidagi spektakllarni xalqimiz sevib tomosha qildi. Shuningdek, teatr milliy qadriyatlarimizni ulugʻlash, kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu oʻrinda «Chimildiq», «Che­cha» kabi koʻplab spektakllarni eslab oʻtish joiz.

Fargʻona, Xiva, Qarshi, Namangan, Termiz shaharlarida qoʻgʻirchoq teatrlari ish boshladi. Oʻzbek Milliy akademik drama teatri uchun zamonaviy, muhtasham bino qurib berildi. Teatr sanʼatini rivojlantirish maqsadida bir qator xalqaro anjumanlar oʻtkazildi.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda teatr sanʼatini yanada taraqqiy toptirish maqsadida davlatimiz tomonidan har tomonlama gʻamxoʻrlik qilinmoqda. Xususan, 2018-yil 5-yanvarda Vazirlar Mahkamasining «2018–2022-yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivoj­lantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 2023-yil 22-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishi mamlakatimiz teatrlari rivojida tub burilish yasashi shubhasiz. Chunki shoir va yozuvchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, soha mutasaddilari ishtirok etgan ushbu tadbirda Yurtboshimiz bu borada muhim vazifalarni belgilab berdi. Unga koʻra yaqin orada teatr sanʼatini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu dastur eng yax­shi pyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun Mannon Uygʻur nomidagi mukofot taʼsis etish kabi bir qator chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

Bundan buyon korxona va muassasalarda oyning bir kuni «Teatr kuni» sifatida belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yoʻlga qoʻyiladi. Bu nafaqat teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydi, balki hamyurtlarimizning maʼnaviyatini, estetik didini yuksaltirishda muhim omil boʻladi.

Ammo teatrlar ibrat maskani vazifasini toʻlaqonli bajarishi uchun soha vakillariga qoʻyiladigan talab ham kuchayishi tabiiy. Avvalambor, dramaturglar maishiy mavzularga oʻralashib qolmasdan, ijtimoiy mazmun-mundarijasi salmoqli asarlar, el-yurt taqdiriga, kelajagiga daxldorlik hissi bilan yashaydigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratishlari kerak.

Rejissyorlar teatrni muqaddas dargoh bilib, xoh zamonaviy mavzuda boʻlsin, xoh tarixiy yoʻnalishda boʻlsin, dramatik asarlarni mahorat bilan sahnalashtirishlari lozim. Zero, bu ulugʻ dargohda Mannon Uygʻur, Toshxoʻja Xoʻjayev, Bahodir Yoʻldoshev singari sanʼat dargʻalari faoliyat koʻrsatgan.

Aktyorlarimiz sahnani muqaddas bilib, oʻzlariga topshirilgan katta-kichik rollarni maromiga yetkazib, qoyilmaqom qilib ijro etishlari darkor. Zero, yurtimizning teatr sahnalarida Abror Hidoyatov, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Zikir Muhammadjonov, Lutfixonim Sarimsoqova, Olim Xoʻjayev, Zaynab Sadriyeva kabi sanʼat dargʻalarining izlari qolgan.

Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi sanʼatkor tilidan shunday yozgan edi:

 

Hammasi tugadi, tugadi axir,

Parda tushirildi,

tomosha tamom.

Biroq sahna uzra hal

boʻlgan taqdir

Mening yuragimda

qilmoqda davom.

 

Ha, ana shunday butun vujudi bilan oʻz ishiga berilgan teatr sanʼatkorlarigina tomoshabin tahsiniga, olqishiga sazovor boʻladi.

Xullas, davlatimiz rahbarining eʼtiboridan ruhlangan teatr sanʼatiga daxldor har bir shaxs oʻz vazifasini sidqidildan bajaradi deb ishonamiz, umid qilamiz. Shundagina tomoshabin spektakl namoyishi paytida sahnada aks etgan hayot bilan yashaydi. Tomoshadan soʻng ham oʻylashda, mushohada yuritishda davom etadi, yaxshilarga yondashadi, yomonlikdan qaytadi. Qisqa qilib aytganda, spektakl namoyishidan ibrat oladi, tegishli xulosa chiqaradi.

Bobomurod TOSHEV.