Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida ichki ishlar organlari xodimlari bilan “Uch avlod uchrashuvi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, shaxsiy tarkibi, faxriylar, IIV Qashqadaryo akademik litseyi oʻquvchilari, xodimlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari – maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻi, podpolkovnik Zavqiddin Xoʻjanov ochib, shaxsiy tarkibning xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishi, zimmasiga yuklangan vazifalarni bekam-koʻst bajarish, korruptsion holatlarga murosasiz boʻlish orqali ichki ishlar organlari imijini oshirishi lozimligini taʼkidladi.
Uchrashuvda viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Sodiq Islomov soʻzga chiqib, yosh xodimlarga ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat, jangovar va kasbiy mahoratini yuksaltirish, vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, korruptsiyaga yoʻl qoʻymaslik, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish boʻyicha tegishli tavsiya va takliflarni bildirdi.
Tadbirda burchiga sodiq qolib, jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlab, halollikni shiorga aylantirgan xodimlar, ularning ota-onalari taqdirlandi.
Yakunda ichki ishlar organlari xodimlari Oʻzbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov qalamiga mansub “Toʻydan oldin tomosha” nomli spektaklni tomosha qilishdi.
Suhrob QALANDAROV,
safdor.
Qashqadaryo viloyati.
