– Ayni paytda Jeym Kler­ning «Atom odatlari» kitobini oʻqiyapman. Unda yaxshi odatlarni egallash, yomonlaridan xalos boʻlish haqida hikoya qilinadi. Asarda inson psixologiya­siga oid qimmatli maʼlumot­lar aks etgan. Bu esa men uchun juda muhim. Chunki kelajakda ichki ishlar organlari tizimida tezkor qidiruv sohasi mutaxassisi boʻlmoqchiman. Hozirdan fuqarolar bilan muloqotga kirishish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash borasidagi, qolaversa huquqiy bilimlarni egallashga harakat qilyapman. Bunda ustozlarimiz Feruza Adizova, Nasiba Xalilova hamda Vohidjon Xoʻjanov menga yaqindan yordam beryaptilar, – deydi Iqbol Mamayusupova. 

– Oilada toʻrt qizmiz. Men ularning toʻngʻichiman, – deya suhbatimizga qoʻshiladi Parizoda Rama­zonova. – Feʼl-atvorimda qatʼiylik boʻlgani uchunmi, dadam meni «Oʻgʻil bola qizim» deb erkalaydilar. Sevgan mashgʻulotim ing­liz, rus tillarini mukammal oʻrganish. Yana voleybol oʻynashni yaxshi koʻraman. Hozirda Deyl Karnegi­ning «Doʻstlar orttirish va odamlarga taʼsir oʻtkazish» kitobini oʻqiyapman. Litseyimizda tashkil etiladigan turli seminarlarda oʻzimning maʼruzalarim bilan ishtirok etaman.  

– Bu qizlarimiz barcha fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirishyapti. Bundan tashqari, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqar­masi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyihalarda faol ishtirok etishyapti. Jumladan, «Oltin qanot» volontyorlar akademiyasi aʼzolari sifatida darsdan boʻsh vaqtida nogiron bolalarga oʻqishida, yolgʻiz qariyalarimizga uy yumushlarida koʻmaklashadilar, doʻstlarini ham shunday savobli ishga jalb qilishmoqda, – deydi akademik litseyi direktori­ning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Mahmudjon Annaqulov.  

Parizoda Ramazonova va Iqbol Mamayusupova ingliz tili fani boʻyicha V1 hamda V2 darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, akademik litseyning nufuzi oshishiga hissa qoʻshdilar. 

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati