1989-yil 21-oktabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu mustaqillikka tashlangan ilk qadamlardan biri boʻldi. Istiqlolga erishgach, Bosh qomusimizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2019-yil 21-oktabrda «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-oktabrdagi «Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni bilan oʻzbek tilini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. «21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni» deb belgilandi.
Soʻnggi yillarda koʻplab idoraviy hujjatlarning yuritilishi davlat tiliga oʻtkazildi. 100 mingdan ortiq geografik obyekt nomlari davlat reyestriga kiritildi. Hududlardagi 150 mingdan ziyod tashqi yozuvlar davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirildi. Yangi paydo boʻlayotgan zamonaviy tushunchalarga nom berish, soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritishni tizimli yoʻlga qoʻyish uchun Atamalar komissiyasining faoliyati tubdan takomillashtirilib, aniq ilmiy mezonlar ishlab chiqildi.
Rahbarlik lavozimlariga nomzodlarning oʻzbek tili boʻyicha bilim darajasini aniqlash maqsadida milliy test tizimi joriy etilib, qisqa vaqt ichida 3 mingdan ziyod talabgorning qariyb 1 ming 500 nafariga davlat tilini bilish boʻyicha sertifikatlar berildi. Davlat tili asoslarini chuqur va atroflicha oʻrganishni taʼminlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan 58 nomdagi qomus, lugʻat va qoʻllanmalar koʻp ming nusxalarda chop etildi.
Joriy yil 1-yanvardan boshlab umumtaʼlim maktablarida milliy sertifikatga ega boʻlgan oʻzbek tili oʻqituvchilariga maoshining 50 foizi miqdorida oylik ustama haq toʻlanishi ona tilimiz fidoyilarining sharafli mehnatini ragʻbatlantirish uchun katta eʼtibor va eʼtirof boʻldi.
Badiiy tarjimaning til taraqqiyotida ulkan ahamiyatga egaligi hech kimga sir emas. Shu maʼnoda, mamlakatimizda badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilgani oʻzbek tili va adabiyotini yanada boyitish va dunyoga tanitishda muhim omil boʻlishi shubhasiz.
Shu oʻrinda Yoshlar ishlari agentligining vatanparvar yigit-qizlarni jalb etishi natijasida «Vikipediya» xalqaro internet ensiklopediyasidagi oʻzbekcha maʼlumotlar hajmi keskin koʻpayib, davlat tilida eʼlon qilinayotgan maqolalar hajmi boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi mamlakatga aylanganini ham alohida eʼtirof etish lozim.
Oʻtgan davr mobaynida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida turli tashkilot va idoralarda mehnat qilayotgan 33 mingdan ortiq xodimlar oʻqitilgani, shuningdek, teleradiokanallar va internet saytlarida davlat tilini oʻrganishga yordam beradigan dasturlarning soni va efir vaqtlarini koʻpaytirish, mustaqil til oʻrganuvchilar uchun qoʻshimcha adabiyotlar, lugʻat va qoʻllanmalar nashr etish doimiy eʼtibor markazida boʻlgani ham diqqatga sazovor ishlardir. Ayni paytda raqamli makonda davlat tilini keng joriy etishga moʻljallangan ishlarni yangi bosqichga koʻtarish, oʻzbek tilini axborot texnologiyalari sohasidagi yirik dasturlar tili qatoriga kiritish choralarini koʻrish dolzarb vazifalardan biridir.
Tilimiz boyligi haqida soʻz yuritgan oʻzbek romanchiligining asoschisi boʻlgan Abdulla Qodiriy bejiz «Oʻzbek tili kambagʻal emas, uni kambagʻal deganlarning oʻzlari kambagʻal», deya taʼkidlamagan. Chunki oʻzbek tili shu qadar boyki, uning xazinasidan istalgan soʻzingizning bir necha variantini topa olasiz. Balki, shuning uchun ham hazrat Navoiy turkiy tilda «Xamsa» yaratib, «Muhokamatul lugʻatayn»ni bitishni ixtiyor qilgandir?! Zahiriddin Muhammad Bobur esa hind diyorida yashagan boʻlsa ham, avlodlarimga esdalik, deya ona tilida shoh asari – «Boburnoma»ni yozgandir?!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, «Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram boʻlsa, uning oʻzligi va maʼnaviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va moʻtabardir». Haqiqatan ham, inson qalbidagi eng olijanob fazilatlar uning ona tilining betakror moʻjizasi, sehri va jozibasi bilan shakllanadi va kamolga yetadi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlamoqchi boʻlganimiz oʻzbek xalqining oʻzligini Oʻzbekistondan minglab chaqirim yiroqlarga yetadigan ovozda kuylagan Oʻzbekiston qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov taʼbiri bilan aytganda, ona tili – umummillat mulki. Demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy boʻlib, bu yolgʻiz tilshunoslarning emas, butun millatning ishi ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.
Shuhrat ROʻZIYEV,
oʻz muxbirimiz.
