Xiyonat va diyonat 

Dunyoda xiyonatdan ogʻirroq jinoyat yoʻq. Bunday tavqi laʼnat xotin yoki er boʻynida qoladi. Chunki har qanday xiyonatni kechirib boʻlmaydi. Diyonat esa adolat va intizom negizida qad rostlaydi. Shu bois ham xiyonat qilishdan saqlanib, diyonatli boʻlaylik.

Qarzdor

Xalqimiz orasida qarz olib, qarz berish bor narsa. Qurbingiz yetsa, nochor kishiga qarz bering. Yetmasa, nachora... Mabodo qarzdor omonatingizni vaqtida qaytarolmasa, uzrini qabul qiling. Bagʻrikeng boʻlingki, u bir umr sizdan minnatdor boʻladi.  

Pokiza suv

Barchamiz pokiza suv ichishni yoqtiramiz. Aslida pokiza suv ichish uchun idishning pokizaligi ham kamlik qilar ekan. Buning uchun xalqumimiz ham pokiza boʻlishi zarur. Pokizalikda gap koʻp, hamma narsa pokizalikka bogʻliq. Buni aslo unutmaylik. 

Mehrli boʻlaylik

Mehr daraxti koʻngilda oʻsadi. Mevasi esa tildan toʻkiladi. Tilingizdan toʻkiladigan shirin mevalarni mehrga tashna boʻlganlardan zinhor ayamang. Shuningdek, birovni hurmat qilsak, izzat topamiz. Begonaga salom bersak, eʼtiborimiz ziyoda boʻladi. Yiqilgan kishini turgʻizib qoʻysak, mehr koʻrsatgan boʻlamiz. Ha, azizlar mehrli boʻlish hammaga nasib qilaversin!

Hayotga muhabbat

Odam oʻz qoʻli, oyogʻida tuproq taftini tuysa, oʻzi qadagan urugʻning noz-neʼmatga aylanganini koʻrsa, koʻngilda faqat tabiatga emas, hayotga ham muhabbati uygʻonadi. Shu bois ham undan baxtli inson yoʻq dunyoda. 

Isteʼdod nuri

Biz koʻpincha tashqi olamimizni bezashga urinamiz, vaqt sarflaymiz. Ammo qalbimiz ichkarisini qorongʻuda qolib ketayotganini sezmaymiz. Vaholanki, avvalo uni goʻzal axloq, metin bardosh, yuksak isteʼdod nuri bilan yoritishga odatlanaylik. Ana shunda umrimiz behuda ketmaydi, kelajak vorislarga hayot kitobi qoldiramiz.

Mirzo AHAD.