Aql yoshda emas
Yoshligida aqli raso odam keksayib, «annaqaroq» boʻlib qolishi mumkinmi-yoʻqmi, unisini bilmadim-ku, ammo yoshligida «annaqaroq» odam keksayganda aqli raso boʻladi, desalar... Bilmadimov.
Inson va shayton
Baʼzilarga hayron qolasiz. Qilgʻilikni qilib qoʻyadi-da, «bilmay qoldim, shayton yoʻldanurdi», deydi... Toʻgʻri, odamzot qonida shayton vasvasasi aylanib yurishi-bor gap.
Ammo.. Shunaqangi erkaklar borki, qirqta urgʻochi shaytonni bolalatib tashlaydi.
Shunaqangi ayollar borki, qirqta erkak shaytonni aliment toʻlaydigan qilib qoʻyadi...
Hamma aybni shayton shoʻrlikka toʻnkayvermang!
Kulgi va yigʻi
Kulishni bilmaydigan odam-baxtsiz odam. Yigʻlashni bilmaydigan odam esa ikki hissa baxtsiz!
Ketmas boylik
Menda bir soʻm bor. Sizda ham bir soʻm bor...
Men sizga oʻzimning pulimni berdim.
Siz ham menga oʻzingizning pulingizni berdingiz…
Hech nima oʻzgarmadi. Sizda ham bir soʻm pul qoldi, menda ham...
... Menda yangi bir fikr bor. Sizda ham yangi fikr bor...
Men sizga yangi fikrimni aytdim. Siz ham menga yangi fikringizni aytdingiz…
Sizda ham ikkita fikr paydo boʻldi, menda ham…
Esli odam pul almashmaydi. Fikr almashadi.
Mushuk
Oʻzi itdan qochib, daraxtga chiqib oladi-da, tagʻin qushlarga dagʻdagʻa qiladi… qoʻrqoq shallaqi boʻladi!
Olim va shoir
Hech nimaga hayron qolmaydigan odamdan olim chiqadi.
Hamma narsaga hayratlanadigan odamdan Shoir chiqadi!
Kapalak va toshbaqa
Toshbaqa guldan-gulga qoʻnib yurgan kapalakni koʻrib gʻashi keldi.
«Bir kunlik umriga uchishini qara!»
Kapalak toshbaqani koʻrib kuldi.
«Yuz yillik umriga sudralib yurishini qara!»
Notavon
U xoʻ-oʻ-oʻp oʻqimishli, xoʻ-oʻ-oʻp bilmdon, xoʻ-oʻ-oʻp olim odam. Faqat bitta «juzʼiy» kamchiligi bor: chin dildan kulolmaydi, chin dildan yigʻlolmaydi...
