Madrasaning asosiy binosi unchalik katta boʻlmasa ham, burchaklarida joylashgan toʻrtta gumbazli minoralar uning betakror qiyofasini yaratadi. Har bir minora turli xil dekorativ elementlar bilan bezatilgan boʻlib, ularning har biri oʻziga xos naqshlarga ega. Aytishlaricha, Xalifa Niyozquli oʻz madrasasini toʻrtta goʻzal qizi sharafiga toʻrt minora bilan zeb berishni buyurgan. Mazkur inshoot bilan XVI asrda Hindiston davlatidagi Haydarobod shahrida qad rostlagan Chor minor masjidi oʻrtasida ayrim mushtarakliklar bor. Ayniqsa, qurilishida aralash uslublar qoʻllangan.
Oʻrta Osiyo meʼmorchiligida koʻrinishi jihatdan ajralib turuvchi madrasa zikrxonasi bilan ahamiyatga ega. Shu bois unda soʻfiylar oʻzlarining anʼanaviy zikr marosimlarini oʻtkazishgan. Zalda qoʻshiq va cholgʻu sozlari uchun ham joylar mavjud boʻlgan. Sinchli peshayvon tipidagi masjid hovlisi madrasaning janubi-gʻarbiy burchagida joylashgan. Madrasaga ikki qavatli, gumbaz tomli darvozaxona orqali kiriladi. Ikki qavatli kutubxonaning shifti pastak gumbazli boʻlib, sodda muqarnaslar halqasi bilan toʻldirilgan. Ikkinchi qavatga minoralarning biridagi zina orqali chiqiladi.
Oʻsha davr taqozo qilgan sharoitga koʻra, Chor minor hujralarida yashagan fuqarolar 1961–1962-yillarda yangi qurilgan ikkita binoga koʻchirilgan. Bu yerdagi masjid tuz omborxonasi sifatida foydalanilganligi bois yaroqsiz holga kelgan va buzib tashlangan. Madrasa hujralari buzilib, bir qismi namuna sifatida qayta taʼmirlab qoʻyilgan. Mazkur hujralar talabalar uchun yotoqxona vazifasini oʻtab kelgani taxmin qilinadi. Yana rivoyatlarga koʻra, bu toʻrt minora dunyoning toʻrt tarafini yoki islomning toʻrtta asosiy tariqatini ramz qiladi.
Koʻhna shahrimizning qadimiy yodgorliklaridagi bitiklarni oʻrganish, tadqiq qilish, mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish borasida birmuncha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tosh bitiklardagi naqshlar, yozuvlar kishini befarq qoldirmaydi. Misol uchun aytadigan boʻlsak, Chor minorning poydevoridagi xarsang toshda Mavlono Abdurahmon Jomiy qalamiga mansub «Haft avrang» («Yetti taxt») tarkibiga kirgan «Tuhfat ul-ahror» dostonidan iqtibos mahorat bilan bitilgan. Mazkur dostonning «Tariqat qutbi, xaloyiq madadkori Xoja Bahouddin Naqshband Buxoriy» nomli bobidan keltirilgan iqtibos nastaʼliq xatida toshga oʻyib yozilgan.
Chor minor madrasasining oʻng tomonida bino yoshiga tengligi taxmin qilinadigan hovuz mavjud. Bugungi kunda madrasa atrofi kichik rastalar va aholi yashaydigan xususiy uylar bilan oʻralgan. 1995-yilda Chor minor madrasasi UNESCOning «Butunjahon madaniy yodgorliklari» roʻyxatiga kiritildi.
Mirzoqul AHADOV tayyorladi.
Buxoro viloyati.
