Tarixiy manbalardan maʼlumki, ijtimoiylashuv jarayoni bosqichlaridan biri – odob-axloq masalalari doimo dolzarb ahamiyat kasb etgan. Bunda shaxsning har tomonlama komillikka erishishi muhim va asosiy maqsad boʻlgan.
Abdulla Avloniyning axloqiy va taʼlim-tarbiyaviy asari «Turkiy guliston yoxud axloq»da insonlarni «yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytaruvchi» ilm-axloq haqida fikr yuritiladi. Shu jihatdan qaraganda, bu asar Yusuf Xos Hojibning «Qutadgʻu bilig», Nosir Xisravning «Saodatnoma», Saʼdiyning «Guliston» va «Boʻston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Ahmad Donishning «Farzandlarga vasiyat» kitoblari singari oʻziga xos tarbiyaviy asardir.
Abdulla Avloniy pedagog sifatida bola tarbiyasining roli haqida fikr yuritib, «Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulib, tarbiyasiz, axloqsiz boʻlib oʻsdimi, Allohu akbar, bunday kishilardan yaxshilik kutmoq yerdan turub yulduzlarga qoʻl uzatmak kabidur», deydi. Uning nazdida, bolalarda axloqiy xislatlarning tarkib topishida ijtimoiy muhit, oilaviy sharoit va bolaning atrofidagi kishilar gʻoyat katta ahamiyatga ega.
Avloniy insonga va uning aqliga ana shunday yuksak baho beradi. «Ilm insonlarning madori, hayoti, rahbari najotidur. Agar aqlingning qoʻli nafsingning jilovini ushlasa, sani yomon yoʻllarga kirmoqdan saqlar. Har narsa koʻp boʻlsa, bahosi arzon boʻlur, ammo aql esa ilm va tajriba soyasida qancha koʻpaysa, shuncha qimmatbaho boʻlur».
«Turkiy guliston yoxud axloq» kitobi maʼrifatparvarlik gʻoyalarini targʻib qiladi. Abdulla Avloniy kitobda ilm toʻgʻrisida bunday deydi: «Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm inson uchun gʻoyat oliy, muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga oʻz ahvolimizni, harakatimizni oyina kabi koʻrsatur... Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur...». Adibning obrazli ifodasiga koʻra, ilm bamisoli bodomning ichidagi magʻiz. Uni qoʻlga kiritish uchun mehnat qilish, yaʼni chaqib, uni poʻchogʻidan ajratib olish kerak. U ilmning jamiyat taraqqiyotidagi rolini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham u yoshlarni ilm sirlarini bilishga, hodisalar mohiyatini yechishga, kitob mutolaa qilishga chaqiradi. Uning fikricha, ilm agar jamiyat manfaatiga xizmat qilmasa, xalq farovonligi yoʻlida qoʻllanmasa, u oʻlikdir. A. Avloniy oʻz ilmini amalda qoʻllay oladigan kishilarga yuksak baho beradi, ularni dono insonlar, deb ataydi.
Abdulla Avloniy oʻtmish mutafakkirlari kabi yoshlarni foydali kasb-hunar egallashga chaqiradi. Adib boylik ketidan quvuvchilarni, ularning odamgarchilikka toʻgʻri kelmaydigan ishlar bilan shugʻullanayotganini koʻrib, ulardan nafratlanadi. Yoshlarni boylikka ruju qoʻymaslikka undaydi. Boylikni oʻtkinchi bulutga oʻxshatadi. Mehnatsiz kun kechirishni barcha yomon sifatlarning ibtidosi, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u mehnatni ulugʻlaydi, mehnat kishining eng goʻzal fazilatidir, deydi.
«Odob» (arab. «adab» soʻzining koʻpligi) – jamiyatda eʼtirof etilgan xulq meʼyori. U shaxs maʼnaviy hayotining tashqi jihatini ifodalab, oʻzaro munosabatda, oila, mehnat jamoasida namoyon boʻladi». Odob mohiyatining asosini axloqiy tamoyillar, meʼyor va shaxsning tarbiyalanganlik darajasi tashkil etadi.
Odob kishining tarixiy tajribalarga asoslanib, asta-sekin bolalikdan taʼlim-tarbiya yordamida amalga oshirib boriladigan uzluksiz jarayondir. Shaxs ulgʻaya borgan sari odob darajasi ham kengaya boradi. Toʻgʻrisoʻzlik, sharm-hayo, sofdillik, kamtarlik, xushmuomalalik, ozoda va saranjomlik kabi fazilatlar odob-axloq qoidalari sanaladi.
Kishi oʻz axloqi va odobini yaxshilash uchun dastavval, oʻzidagi barcha xatti-harakatlarini tahlil qilib chiqishi zarur. Shundagina odob-axloq nima-yu, odobsizlik va axloqsizlik nima, degan savollarga javob topadi, ularni oʻzining shaxsiy odatlari bilan solishtiradi va oʻz xatti-harakatlariga tanqidiy yondashgan holda, ichidan yaxshi va yomon odatlar ajratib chiqiladi. Faqat bunda oʻz odatlariga toʻgʻri baho berish talab etiladi. Buning uchun esa aniq maqsad belgilab olinishi lozim.
Donolar aytganidek, kishida odob boʻlsa, ilm ham boʻlishi mumkin. Odob aqlga bogʻliq. Aql ustiga odob qoʻshilsa, nur ustiga aʼlo nur boʻladi. Ulugʻlik aql-u odob bilan, boylik qadri saxovat bilan, quvvat qadri bahodirlik bilan oshadi.
Abdulla Avloniy axloq – ezgulikning muayyan bir insonda namoyon boʻlish shakli, binobarin, har bir xulq ezgulik va olijanoblikning timsoli, hamma narsa tarbiyaga bogʻliq, deydi.
Uning fikricha, sogʻlom fikr, yaxshi axloq va ilm-maʼrifatga ega boʻlmoq uchun badantarbiya bilan shugʻullanish zarur: «Badanning salomat va quvvatli boʻlmogʻi insonga eng kerakli narsadir. Chunki oʻqimoq, oʻqitmoq, oʻrganmoq va oʻrgatmoq uchun insonga kuchli, kasalsiz vujud lozim. Sogʻ badanga ega boʻlmagan insonlar amallarida, ishlarida kamchilikka yoʻl qoʻyurlar. Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning oʻng ila tersi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponning ustini qoʻyib, astarini yuvib ovora boʻlmak kabidirki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mehnat va sogʻlom bir vujud kerakdur».
Buyuk pedagog Abdulla Avloniyning taʼkidlashicha, «nazofat (gigiyena) deb aʼzolarimizni, kiyimlarimizni, asboblarimizni pok va toza tutmoqni aytilur. Poklik zehn va idrokingni keng va oʻtkir qilur. Xalq orasida eʼtibor va shuhratga sabab boʻlur. Poklik ila har xil kasalliklardan qutulib, jonimizning qadri bilan boʻlurmiz. Pok boʻlmak salomatligimiz, saodatimiz uchun eng kerakli narsadur. Yirtiq, eski kiyimlar kiymoq ayb emas, yangi kiyimlarni kir qilib, yogʻini chiqarib yurmak zoʻr ayb va gunohdur».
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, inson goʻzalligini belgilovchi asosiy mezon axloq va odob hisoblanadi. «Inson odobi bilan goʻzal», degan maqolning mazmunida ham xuddi shunday falsafiy maʼno mujassam. Goʻzal axloq va odob bilan oʻlchanadigan maʼnaviy fazilatlar odamlar oʻrtasidagi barcha munosabatlarga singib ketgandagina haqiqiy ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun axloq va odob masalalari barcha davrlarda ham shaxs maʼnaviy kamoloti, jamiyat rivojining asosiy va muhim omili sanaladi.
Jahongir SHAROFBOYEV,
«Postda» muxbiri.
