Xorazm viloyati IIBda “Biz bir boʻlsak yagona xalqmiz, birlashsak vatanmiz!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirga ichki ishlar organlari xodimlari, soha faxriylari hamda yosh xodimlar taklif etildi. Tadbirda viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, mayor Sh. Ibragimov yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish hamda jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan ichki ishlar organlari xodimlari hamda soha faxriylarining fidoyi xizmatini alohida eʼtirof etdi.
Uchrashuvda viloyat IIB boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik R. Rahimov, isteʼfodagi polkovnik I. Hamidulin, isteʼfodagi podpolkovnik S. Nazarovlar soʻzga chiqib, yoshlarni vatanga muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash yurtimiz ravnaqi uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Tadbirda yosh xodimlarga oʻzlarining boy hayotiy tajribalarini oʻrgatishda faol ishtirok etib kelayotgan faxriylarga tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalar va navbatdagi maxsus unvonlar topshirildi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
