Fargʻona viloyatida “Yangi Oʻzbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Soha faxriylari, yosh xodimlar, IIV Fargʻona akademik liseyi oʻquvchilari hamda oliy oʻquv yurtlari talabalari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda IIV Akademiyasi boshligʻining maslahatchisi, general-leytenant Bahodir Matlyubov, akademiya professori, polkovnik Sharif Qobilov, IIV faxriylar kengashi aʼzolari, general-mayor Raim Karimov hamda polkovnik Avaz Azizxoʻjaevlar ishtirok etdi.
Tadbirni ochgan Fargʻona viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Doniyor Tashxodjaev sohada katta amaliy tajriba toʻplagan ustozlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish yoshlar uchun katta imkoniyat va baxt ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Uchrashuvda general-leytenant Bahodir Matlyubov respublikamizda ichki ishlar organlarining tashkil topish tarixi, ogʻir va sinovli kunlardan olgan saboqlari haqida yoshlarga soʻzlab berdi. Yosh xodimlar va boʻlajak osoyishtalik posbonlarini ona Vatanga muhabbat, tanlagan kasbiga sadoqat bilan xizmat qilishga, koʻp kitob oʻqishga daʼvat qildi.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan barcha ustozlar va faxriylar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashib, yoshlarga zarur tavsiyalar berishdi.
– Katta tajribaga ega, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan ustozlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish biz uchun motivasiya boʻldi, – deydi IIV Fargʻona akademik liseyi oʻquvchisi Husniddin Xolbuvaev. – Bugun eshitgan oʻgitlarimiz kelajakda bizga asqatishiga ishonaman.
Uchrashuv yakunida bir guruh soha fidoyilari, faxriylar va yoshlarga general-leytenant Bahodir Matlyubov tomonidan yozilgan “Oʻzbekistonda jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash tarixi” nomli asar va boshqa kitoblar sovgʻa qilindi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
