Jizzax politexnika institutida uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Jizzax viloyati IIB, sohaviy xizmatlar, shahar va tumanlar IIBlari, IIV huzuridagi jazoni ijro etish departamenti 3-mintaqaviy hudud muassasalari vakillari, IIV Akademiyasi kursantlari hamda faxriylar ishtirokida uyushtirilgan tadbirda IIV faxriysi, isteʼfodagi general-mayor Telman Murodxodjayev, viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Olimjon Abdullaev, uchinchi mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshligʻi, podpolkovnik Obidjon Sherqulov, viloyat IIB boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik Nozim Mahammatov va boshqalar soʻzga chiqdi. Tizimda kechayotgan islohotlar, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha toʻxtaldilar.
Uchrashuv davomida isteʼfodagi general-mayor Telʼman Murodxodjaevning hayoti va xizmat faoliyati aks etgan “Osoyishtalik ortidagi tikanli yoʻl” hujjatli filmi namoyish etildi. Shuningdek, yigʻilishda faxriylar huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Bundan tashqari, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash masalasi ham yigʻilganlar diqqat markazida boʻldi va soha xodimlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchilik hamda nuqsonlar tanqid ostiga olindi.
Xodimlar xalqqa sadoqat va halollik bilan xizmat qilishga, bildirilgan ishonchga munosib boʻlish hamda bilim va tajribalarini muntazam oshirishga chaqirildi. Oʻz navbatida har jihatdan hamkasblariga ibrat boʻlayotgan bir qator sohaviy xizmatlar xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.
Ana shunday uchrashuv viloyat IIBda ham boʻlib oʻtdi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.