Bir tabib qattiq kasal boʻlib yotib qoldi. Uning shogirdlari yigʻilib ustodlarini davolashga kirishdilar. Kasal ustod ularga:

— Sevimli shogirdlarim, meni davolash uchun behuda zahmat chekmang, tuzalishdan umid uzganman, oʻlimim yaqin qolganga oʻxshaydi. Vafot topganimdan keyin juda qaygʻurib oh-voh qilmang, chunki, oʻrnimga uchta buyuk tabib qoldirib ketaman. Shu zoʻr uch tabibning maslahatlariga hammangiz eʼtibor bering va boshqalarni ham shunga daʼvat qiling,— dedi. Shogirdlardan biri:

— Bizlarning aziz ustodimiz, sizdan keyin oʻrningizda qoladigan uchta tabib kimlar? — deb soʻradi. Ustod koʻzlarini ochdi, yonidagi shogirdlariga shunday javob berdi:

— Sizlarga soʻzlaganim uchta zoʻr tabibning birinchisi — poklik, ikkinchisi parhez, uchinchisi badantarbiyadir. Doimo pok, ozoda boʻlishlik, tiqishtirib apil-tapil yemasdan oʻz miqdorida ovqatlanish, ichkilikdan tiyilish, badan aʼzolarini harakatsiz qoldirmasdan badantarbiya bilan shugʻullanish — mana bularning hammasi salomatlikni saqlovchi eng yaxshi choralardir.