Yosh avlodni tarbiyalashda “ustoz-shogird” anʼanasiga amal qilish, ustozlarni ulugʻlash, ularning boy tajribalaridan unumli foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu ishlarning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tizimda xizmat olib borayotgan xodimlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.

Uchrashuvda uzoq yillar davomida ichki ishlar organlari tizimida turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilib, yosh avlodga oʻrnak va namuna boʻlib kelayotgan faxriy ustozlar oʻzlarining boy amaliy tajribalari haqida xodimlarga soʻzlab berishdi. Bundan tashqari, Buxoro davlat universiteti tarix va yurisprudensiya fakulʼteti dosenti, psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, Ziyodullo Elov Prezidentimizning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini shaxsiy tarkib eʼtiboriga yetkazib, “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim - Yangi Oʻzbekistonda ustuvor yoʻnalish” mavzusi boʻyicha ham yigʻilganlarga qator maʼlumotlar berib oʻtdi.

Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan bayram munosabati bilan xodimlarga konsert dasturi havola etildi. Tadbir yakunida sohada uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan fidoyi faxriylarga minnatdorlik ramzi sifatida viloyat IIB tomonidan chop etilgan “Vatan osoyishtaligi yoʻlida 30 yil” nomli kitob topshirildi.

Hayot ShARIPOV, 

isteʼfodagi polkovnik.

Buxoro viloyati.