Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi)
Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon.
Yashnagay toabad ilm-u fan, ijod,
Shuhrating porlasin, toki bor jahon...
Mazkur satrlar bilan jarang sochuvchi yurtimiz madhiyasi yangraganida, butun vujudimizni ana shu zaminga boʻlgan gʻurur va iftixor tuygʻusi qamrab oladi. Barchaga birdek yoqimli bu tarona xalqimiz shijoatiga shijoat, gʻayratiga gʻayrat baxsh etib, ularni yangidan-yangi marralar sari chorlaydi.
Bastakor Mutal Burxonov va Abdulla Oripovning ulkan ijodiy salohiyati aks etgan tantanavor qoʻshigʻimiz boshlanishidan to oxirigacha qalbimizni hayajonga soladigan sehrga ega. Zero, ona Vatanimizga xos boʻlgan barcha ulugʻvorlik va buyuklik unda mujassam.
Davlatimiz ramzi boʻlgan madhiyamizning huquqiy maqomi maxsus qonun bilan mustahkamlangan boʻlib, uning asosiy maqsadi ham mamlakatimiz suverenitetiga boʻlgan eʼtiqodning rasmiyligini taʼminlashdan iboratdir. Shu bilan birga, mazkur qonunda barcha unga chuqur ehtirom bilan qarashi har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekanligi tasdiqlangan. Mamlakatimiz fuqarolari hamda yurtimizda istiqomat qilayotgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hamda Oʻzbekiston xalq artisti, taniqli bastakor Mutal Burxonovning ijod mahsuli boʻlgan boqiy qoʻshigʻimizda boy tariximiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik-osoyishtaligimiz, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuygʻular tarannum etilgan.
Davlatimiz madhiyasi kelajagimiz egalarida ona Vatanga mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama yetuk va barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishishida muhim tarbiyaviy vosita boʻlib xizmat qilayotir. Shu boisdan ham milliy timsolimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligi, davlatimizning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yoʻlida fidokorona mehnat qilishga undaydigan umrboqiy qoʻshiqdir.
Mamlakatimiz madhiyasi istiqlolga boʻlgan eʼtiqodni targʻib qilib, fuqarolarimizni mustaqil davlat barpo etish yoʻlida matonat va dovyuraklikka, sabr-toqat va fidoyilikka, tashabbuskorlik va uddaburonlikka chorlaydi, milliy gʻurur va iftixorni uygʻotadi. Jonajon yurtimiz timsoli bayram va tantanalar, sport musobaqalari, rasmiy davlat qabullari hamda turli mamlakat rahbarlarini kutib olish va kuzatish tadbirlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlatimiz suverenitetiga boʻlgan hurmat va eʼtiqodni rasmiy musiqa va matn hamohangligida ifoda etadi.
Buyuk vatanparvarlik tuygʻusini oʻzida mujassam etgan davlatimiz ramzi ayni paytda taʼlim muassasalarida ertangi kunimiz egalarining ona Vatanga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida ulgʻayishida munosib xizmat qilmoqda. Eng asosiysi, yurtimizning kuch-qudrati va salohiyati tobora yuksalib, ozod va obod vatanimizning kelajagi boʻlgan sodiq farzandlari ertangi kunga qatʼiy ishonch bilan yuksak marralar sari dadil odimlayotir.
Davlatimiz madhiyasiga hurmatsizlik qilish milliy qonunchiligimizga koʻra, jinoiy javobgarlikka sabab boʻlib, tegishli tartibda jazolanadi. Shuning uchun ham mamlakatimiz taʼlim muassasalarida oʻqituvchi va murabbiylar, idora va tashkilotlarda esa, uning rahbarlari tomonidan davlat ramzlariga fidoyilik koʻrsatishda yosh avlodga oʻrnak boʻlish talab etiladi. Chunki madhiyamizning mangu yashashi, jonajon qoʻshigʻimizni qanchalik asrab-avaylashimizga bogʻliqdir.
Boqiy qoʻshigʻimizning yaratilishi haqida koʻplab siyosatchilar turli fikrlarni bildirishadi. Bu borada,
uning mualliflari oʻsha kezlarda nimalarni his qilgani barchamizga qiziq tuyuladi. Bu haqda Mutal Burxonov oʻzining «Koʻngil xazinasi» kitobida shunday deydi: «Vatan tuygʻusi, Vatan madhiyasi... Bu tushunchalar mushtarak, bir-biroviga uygʻunlashib ketgan. Vatanni madh etish, uni ulugʻlash har bir inson qalbidan oʻrin olishi kerak... Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Davlat madhiyasi yangicha, istiqlol ruhida kun tartibiga qoʻyildi. Muhokama va tortishuvlardan keyin men yozgan madhiyani ham tanlovga kiritishdi. Mehnatlar zoye ketmadi. Musiqaning yarmiga kelganda olqishlar boshlandi».
Shoir Abdulla Oripov esa, manbaalarning birida quyidagilarni aytgan edi: «Davlatimiz madhiyasi rasman qabul qilingach, uning soʻzi mening tasarrufimdan chiqib ketdi. Endi men uning huzurida oddiy bir fuqaroman,
xolos...»
Qalbimiz iftixori, milliy gʻururimizga aylangan madhiyamiz qabul qilinganligiga ham 30 yil toʻlmoqda. Shunday ekan, istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovati, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorugʻ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayversin.
Biz ham ana shu yurtning chinakam farzandi sifatida har tongni madhiyamiz sadolari ostida qarshi olib, qalbimizda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, ertangi kunga qatʼiy ishonch bilan yashab, ona Vatanimizdan cheksiz faxrlanishga, mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga, bugungi kunimizning qadriga yetib, yangi-yangi marralarni zabt etishga bor kuch va qudratimizni safarbar etaylik.
Mixli SAFAROV,
«Postda» muxbiri.
