Bugun IIV markaziy apparati xodimlari va ularning farzandlari hamda taʼlim muassasalarining kursant va oʻquvchilari ishtirokida poytaxtimizda joylashgan “Temuriylar tarixi” davlat muzeyiga sayohat uyushtirildi.

Buyuk bobokalonimiz tavalludining 688 yilligiga bagʻishlangan ushbu tadbir munosabati bilan bu yerga yigʻilganlar oʻsha davrning shonli tarixini aks ettiruvchi osori atiqalar, ulugʻ zotning dunyo siyosiy maydonida tutgan oʻrni, shuningdek, sohibqiron yaratgan ulkan saltanat va meʼmoriy obidalar hamda jahon ilm-fani va madaniyatiga qoʻshgan munosib hissasi toʻgʻrisida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Shu bilan birga, Temuriylar davri va davlat boshqaruviga oid oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat etib, ulardan atroflicha javob olishdi.

– Millatimiz faxru iftixori sanalmish bunday ulugʻ zotlarning avlodi ekanligimizdan doimo faxrlanamiz, – deydi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti katta inspektori, kapitan Nozimjon Ashuraliyev. – Galdagi vazifamiz esa buyuk ajdodlarga munosib avlod boʻlishdir. El-yurtimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilayotgan yurt posbonlarining ongu shuuriga mazkur haqiqatni singdirish maqsadida bu kabi tadbirlar muntazam tarzda oʻtkazib kelinyapti.

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.