Kunlarning birida Tangri tirik jonlarni yigʻib, har biriga qancha umr berishni belgilashga qaror qilibdi.
Birinchi boʻlib Odamni yoniga chorlab: «Sen, odamzot, u qadar yirik emassan, shuning uchun senga 20 yil yetadi», debdi. «Juda kam-ku» – oʻylabdi odam, lekin eʼtiroz bildirishni nooʻrin bilib, indamay bir chetga oʻtib turibdi. Tangri esa otga qarab: «Sen katta jonzotsan, shu sababdan uzoqroq yashashing kerak. Senga 40 yillik umr hadya etaman», debdi. Bundan esankirab qolgan ot shunday debdi: «40 yil boʻyinturuq taqib, omoch haydab, arava tortib, buning ustiga xipchin zarbidan azoblanib yuramanmi? Menga 20 yil ham yetadi. Qolganini Odamga beraylik, unga koʻproq kerak». Navbat sigirga yetibdi, u ham oʻziga 40 yil ajratilganini eshitib sarosimaga tushibdi va yarim umrini Odamga tuhfa etishni taklif qilibdi. Tangri bunga ham rozi boʻlib, yoniga itni chaqiribdi va unga 30 yil berishini aytibdi. «Yoʻgʻ-e, shuncha yil zanjirda oʻtirib, begonalarga hurib, suyak kemirib yotamanmi? Menga 15 yil ham yetadi, qolganini Odamga beraqoling», deya oʻz fikrini bildiribdi koʻppak. Soʻngra 20 yillik umr taklifini olgan mushuk ham sichqon quvlab yashashi uchun 10 yil kifoya ekanini aytib, qolganini insonga ilinibdi.
Shu tariqa, Odam umr kechira boshlabdi. Dastlab oʻzining 20 yilini yashab, gʻam-tashvish va qiyinchilik nimaligini bilmabdi. Soʻngra otning 20 yillik davri kelib, xuddi uningdek tinmay mehnat qilibdi, uy, ish va oilaning aravasini tortishiga toʻgʻri kelibdi. Keyingi sigirning 20 yili muddati yetganda farzand, nabira va yaqin kishilar Odamni «sogʻishni» boshlar, hamma undan foyda olishga urinar ekan. Itning 15 yili kirib kelganda Inson oʻz xonadonida oʻtirib, uy qorovullar, nabiralarini oʻynatib, ularga gʻamxoʻrlik qilish bilan shugʻullanardi. Nihoyat, mushukning hissasi qoʻshilgan umr vaqti yetganda kimdir uning boshini silab, parvarish qilar va, afsuski, kimdir uydan koʻchaga haydab solar ekan...
Gulchehra AZIMOVA.
