Ikkinchi isteʼdod
Jizzax viloyati Arnasoy tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi surishtiruvchisi, leytenant Xumora Islomova masʼuliyatli va murakkab xizmat vazifalaridan ortib, sheʼr yozmoqqa ham vaqt topa oladi. Xumorada adabiyotga, nazmga muhabbatni maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars bergan onasi Feruza Mirzaqulova uygʻotgan.
Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi 2-sonli akademik litseyda oʻqib yurgan kezlari bir voqea yuz bermaganida, hozirda balki onasi kabi til va adabiyot oʻqituvchisi boʻlarmidi?..
2017 yilda u bilim olayotgan taʼlim muassasasi IIV Jizzax akademik litseyiga aylantirildi. Natijada koʻplab tengdoshlari qatori, Xumoraning qalbida ham ichki ishlar organlari xodimi boʻlish orzusi paydo boʻldi. Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga oid saboqlar hamda qatʼiy tartib-intizomga asoslangan hayot tarzi yoshlarni kelajak rejalarini oʻzgartirishga undagandi.
Shundan soʻng Xumora Islomova IIV Akademiyasida oʻqishida qoʻl keladigan fanlarni oʻzlashtirishga astoydil kirishdi. Pirovardida oʻsha yillarda u sardorlik qilgan litsey jamoasi «Siz qonunni bilasizmi?», «Baxtiyorlar diyori» koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2019 yilda Xumora Islomova IIV Akademiyasi kursantlari safidan joy oldi va soha sirlarini puxta egallashga harakat qildi.
Tabiiyki, ilm yoʻlidagi saʼy-harakatlari munosib baholanib, ikki marta Akademiya rahbariyatining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. Uning ota-onasiga minnatdorlik xati yoʻllandi.
2022 yilda Akademiyani imtiyozli diplom bilan tamomlagan Xumora Islomova Jizzax viloyati Arnasoy tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi surishtiruvchisi lavozimida xizmatni boshladi. Ayni paytda oliy oʻquv yurtida egallagan bilimlarini amaliyotda qoʻllash bilan birga, surishtiruv va tergov oʻtkazishga oid tajribalarini oshirmoqda.
Aytish joiz, oʻtgan qisqa davr mobaynida maqolamiz qahramoni oʻzini bilimli va tirishqoq xodim sifatida namoyon eta oldi. Shunga yarasha samarali faoliyati uchun IIV huzuridagi Tergov departamentining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi. Qolaversa, ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan koʻrik-tanlov, musobaqa va intellektual oʻyinlarda faol qatnashib, yuqori natijalarga erishmoqda.
Chunonchi, 2022 yil dekabr oyida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida uyushtirilgan «Konstitutsiya bilimdonlari» koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shu bilan birga, turk tilini oʻrganayotir. Xullas, Arnasoyda shunday istiqbolli leytenant faoliyat koʻrsatyapti.
OʻYLARIM...
Kechalar koʻp ertak eshitar edim,
Oʻylarim ul damni yodimga soldi.
Endi bolaligim mendan yiroqda,
Oʻshal nurli tunlar qaylarda qoldi?..
Murgʻak yuragimda ming bitta savol,
Har ertak yakunin intiq kutardim.
Murodiga yetgan qahramonlardek,
Men ham omad-baxtni orzu etardim.
Endi buning bari olis oʻtmishda,
Ancha yil oʻtibdi oradan, mana.
Ayt, qalbim, ul damni qoʻmsab shu bugun,
Sogʻinchlar qoʻlingdan tutdimi yana?
Yozaman, oq qogʻoz dardkashim mening,
Tuygʻular toʻkilar unga biryoʻla.
Bolalikning zavqli onin esladim,
Ertakday begʻubor hislarim ila...
Xumora ISLOMOVA,
leytenant.
Alijon Abdusattorov,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
