IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlari bilan navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqan yuridik fanlari doktori, isteʼfodagi polkovnik, Abdugʻofur Sattorov ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy mezonlari xususida toʻxtalib, bugungi kunda soha vakillariga xalqimizning ishonchi ortib borayotganligini qayd etdi. Oʻz navbatida xodimlar bu ishonchni oqlash, yanada mustahkamlash uchun oʻz ustida tinimsiz ishlashi, doimo izlanishi, sohaga oid bilim va tajiribasini oshirib borishi, xizmat intizomi va qonuniylikka qatʼiy rioya etishi lozimligini taʼkidladi.

Shuningdek, tadbir doirasida Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovning shonli hayot yoʻli va xizmat faoliyatiga bagʻishlangan Unutilmas xotiralarim hamda Ustozga ehtirom nomli kitoblarning taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist, IIV Akademiyasi magistraturasi dotsenti, isteʼfodagi polkovnik Alisher Sharafutdinov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining maslahatchisi, filologiya fanlari doktori, professor Noibaxon Mamadaliyeva, IIV Faxriylar kengashi raisining oʻrinbosari, isteʼfodagi polkovnik Avaz Azizxodjayev mazkur kitoblarda Zokirjon Almatovning ibratli umr yoʻli, uzoq yillik samarali xizmat faoliyati davomida boshidan oʻtkazgan qiyinchiliklari, orttirgan boy amaliy tajribasi, tizim uchun koʻplab malakali shogirdlar yetishtirgani hamda mamlakatimiz hududida sodir etilgan qoʻporuvchilik harakatlari va katta shov-shuvga sabab boʻlgan jinoyatlarni fosh etish, ularga qarshi kurashishda koʻrsatgan jasorati batafsil aks etganini aytishdi. Tadbir qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.