Bolalikdan sanʼat sinoatiga oshufta qalbni soʻz jilosi, ohangi toblab voyaga yetkazdi. Adabiy saboqlar, isteʼdodlar davrasidagi qizgʻin suhbatlar, sayohatlar yosh shoirga badiiyat asrorini teran idrok etishga zamin yaratdi. U Firdavsiy, Saʼdiy, Navoiy, Fuzuliy sheʼrlari zaminidagi kishi tuygʻularini qunt bilan oʻrgandi. Qoʻqondagi adabiy muhit oʻsmirni mumtoz va zamonaviy adabiyot bilan yaqindan tanishtirib, uni olam-u odam nafosatini, yuksak tuygʻular oqimini, sezimlar nazokatini tuyishga chorladi.
Usmon Nosir Moskva safari davomida Pushkin, Lermontov, Yesenin asarlarini mutolaa qilishga qiziqib qoladi. Rus shoirlari ijodidagi janriy rang-baranglikni kuzatibgina qolmay, ularning isteʼdod qirralarini kashf etib boradi. Shu bilan birga, Moskvadagi kinodramaturgiya texnikumida tahsil oladi. Bu davrda rejissyor, aktyorlar bilan boʻlgan muloqotda sohaning
asrorini oʻrganishga ahamiyat qaratadi. Bu yerdagi muhit shoirni adabiy hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, oʻz dunyoqarashini boyitishda ham turtki bergan.
Kishining bilimlari uni yogʻdu yangligʻ hidoyat, maʼrifatga boshlaydi. Keyinchalik Usmon Nosirning «Atlas», «Zafar» dramalarini yaratgani bu sanʼatning nozik tomonini oʻrganganidan voqif aylaydi.
U Pushkinning «Bogʻchasaroy fontani», Lermontovning «Iblis» asarlarini tarjima qilgan. Shunchaki oʻzbekchaga oʻgirmagan, ulardagi ramz, ohang, ifodani saqlab qolish, asliyatdagidek yetkazishga muvaffaq boʻlgan.
Zamondoshlari shoirning yoddan sheʼr oʻqish qobiliyatini alohida eʼtirof etishgan, turli gurunglarda ham tarjima sheʼrlari yoxud oʻziga maʼqul boʻlgan asarini zavq bilan aytganini xotirlashgan. Turob Toʻla shoirning hissiy toʻlqinlar iskanjasida ingrab sheʼr oʻqiganini yodga olgan.
1932 yil shoirning ilk sheʼriy toʻplami «Quyosh bilan suhbat», soʻng «Safarbar satrlar» nashr etildi. Bu asarlar darrov adabiy jamoatchilik eʼtiboriga tushdi. Ulardagi yoniq qalb, haroratli ifodalar yosh shoir iqtidoridan voqif etardi.
Senga tor keldi bu koʻkrak,
Sevinching toshdi qirgʻoqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
U sheʼriyatni, unga sodiqlikni sharafli burch deb sanagan. U bu sanʼatni yuksaltirishdan, goʻzal tuygʻularni avj pardalarda kuylashdan rohatlangan. Qalb taftidan yangragan izhorlar estetik salmoqni qabartirib koʻrsatgan.
Shoirning «Yurak» sheʼrlar toʻplamidagi sayohat xotiralari fikr va tuygʻu uygʻunligi, hissiy va tasviriy ifoda nafisligi bilan diqqatni tortadi. Muallif ozar, gruzin, arman diyorlarining soʻlim tabiatini rangin boʻyoqlarda jonli tasvirlaydi. Bu xalqlar tili, madaniyatiga xos belgilarni tiniq, tabiiy yoritishga harakat qiladi. Isteʼdod, nozik did, atrof-olam nafosatini teran his etib zavqlanish shoirga ranglar jilosi, turfa iforlar boʻyini yorqin, tabiiy aks ettirish imkonini beradi. «Naxshon» dostonidagi quyidagi parcha kitobxon eʼtiborini tortadi:
Bogʻlarga namozgar
salqini tushdi,
Gullar nam bargini qayirdi asta.
Oftob ham suv ichar
togʻlardan pastda,
Loladek qip-qizil oʻt
shafaq oʻchdi.
Shoir uchun bogʻ – ona Vatan.
U tabiat bagʻrida tong ottirish, tunni kutib olishdan rohatlangan. Usmon Nosir timsollarda goʻzallikni his ettirishga intilibgina qolmay, satrlar silsilasida xos kayfiyat, badiiy niyatni sezdirishga musharraf boʻlgan. Sokin ohang sadolari shoirni goʻyo sinovli onlardan ogoh aylaydi. Namozgar shom vaqti kun botishiga ishora qiladi. Abdulla Qodiriy ham «Oʻtkan kunlar» asarining ilk jumlasida
«...quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir» xabarini keltiradi. Shom kun qorayishi pallasi ikki ijodkorning xalq, millatga keladigan halokatdan voqif etish usuli ekani ayon boʻladi, maslakdoshlar xolisligi, koʻngli bezovtaligi bu bitiklarda tiniq koʻrinadi. Gullarning bargini qayirishi erksizlikka, oftob-nurning pastda suv ichishi soʻnishiga urgʻu beriladi. Loladek qip-qizil ramzi ham ayni qon, jaholatning nishonasi tarzida taqdim etiladi.
Bargdek uzilib ketsam,
Unutmas meni bogʻim:
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur,
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bogʻim.
Usmon Nosirning asarlarida bogʻ obraz darajasiga koʻtarilgan. Bu obod, fayzli bogʻ strukturadagi asos boʻlsa, uning qismlari, barglari tiriklik, mavjudlikka qiyos qilinib, oʻziga xos poetik ifodani yuzaga chiqargan. Gullar yasharish, ochilish mavsumida qalbga yana umid baxsh etadi, haykal guldastalardan bunyod etilishida ham oʻziga xos tushkunlik, horgʻinlik kayfiyati paydo boʻladi.
Shoir millatning bir qalbi uygʻoq, vijdoni pok oʻgʻloni boʻlgani bois bogʻini, daraxtini tark etishni istamaydi. Biroq davrdagi talotumlar, haqparast ziyolilarning qatagʻon qilinishi yosh shoirni ham bu poʻrtanaga uloqtira boshlagan. Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Elbek kabi millatning chin oʻgʻlonlari bilan maslakdosh shoirga ham oʻziga xos jazo qoʻllanadi.
U boshlagan xayrli ish – hur va erkin avlodni voyaga yetkazishda ilm-u maʼrifatni targʻib etish, oʻz tili, tarixini eʼzozlash ezgu yoʻlning sodiq kishilari qismati edi.
Usmon Nosirning «Yana sheʼrimga» asarining bosh pafosi shoir umrining asosi, negizini tashkil etadi. Badiiy adabiyotda bagʻishlov asarlar koʻp. Ijodkor kishi Vatani, onasi, milliy anʼanalari haqida sara asarlar yaratib boradi. Shoir esa sheʼri, qalb qoʻrini mehr bilan yodga oladi. Bu parcha shoir qalbini, bezovta ruhini koʻzgu yangligʻ kitobxonga taqdim aylaydi:
Butun umrim sening boʻyningda
Saharda qon tupursam, mayli,
Men – Majnunman, sheʼrim,
sen – Layli!
Har bir insonning tiriklik diyorida oʻz maqsadi, muddaosi boʻladi. Bolalikdan hayot sinovidan oʻtgan shoir oʻz tanlagan haqiqat manzili sari yoʻl oladi. Unga hamroh, maslahatgoʻy boʻlgan Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat-u Elbeklar ham qalbidagi hislar poʻrtanasini jilovlashni xohlamagan. Ular uchun bitiklari qadrli boʻlgan, boisi, asarlari vositasida bu isteʼdodlar xalqi, millati koʻngliga yoʻl topa olganlar.
Umrining har lahzasida shoirona tuygʻularini ifodalashga intilgan ijodkor soʻnggi onlargacha bu huzur, neʼmatdan ayrilishni istamaydi. Soʻnggi satrlarda oshiq holatining Layli va Majnun timsollariga mengzalishida haqiqat ishqining salmogʻi yorqin namoyon boʻladi. Vafodorlik shoir shaxsida aynan oʻz sheʼri, soʻziga chin sadoqatida yuzaga chiqadi. Usmon Nosir ham sheʼri, ijodiga bemisl muhabbati bois Vatanidan surgun qilindi. Sovuq oʻlka izgʻirini ham uning koʻnglini muzlata olmadi. Jismoniy oʻlimdan qoʻrqmagan jasorat sohiblari maʼnan yengilmasligi bois insoniyatga ibrat boʻladi.
Istiqlol yillarida shahidlarni xotirlash, ular nomini abadiylashtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Shu oʻrinda Usmon Nosir hayoti va faoliyati boʻyicha xayrli ishlarni amalga oshirgan zahmatkash olim Naim Karimov, u haqda maqolalar yozgan Ibrohim Gʻafurov, Qozoqboy Yoʻldoshev kabi adabiyotshunoslar mehnatini eʼtirof etish lozim. Zero, yurt ozodligi, hurligini orzu qilgan, bu maqsad yoʻlida jonini fido aylagan millatparvarlarning sharafli yoʻli bugungi avlod vakillariga mayoq boʻlajak.
Umida RASULOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va
adabiyoti universiteti dotsenti.
