Paxtakor tumani IIB HPB profilaktika inspektori, leytenant Anvar Sobirov sohada faoliyat boshlaganiga bir yil boʻldi. Shunga qaramay, xizmat hududi boʻlmish «Paxtakor» mahalla fuqarolar yigʻinida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida samarali tadbirlarni amalga oshirishning uddasidan chiqdi. Natijada joriy yilning birinchi yarmida leytenantning xizmat hududida birorta ham jinoyat sodir etilmadi.Qolaversa, yosh xodim mahalla aholisiga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam koʻrsatishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishda faollik koʻrsatdi. Shuningdek, soha vakillari oʻrtasida oʻtkazilayotgan musobaqa va koʻrik-tanlovlarda yuqori natijalarga erishayotir. Mazkur jihatlar inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan, ragʻbatlantirish tariqasida Anvar Sobirovga muddatidan oldin «katta leytenant» maxsus unvoni berildi.
— Kamtarona xizmatimning bunday baholanishi men va yaqinlarimga katta quvonch bagʻishladi, — deydi katta leytenant Anvar Sobirov. — Tabiiyki, bu eʼtibor zimmamdagi vazifalarga yanada masʼuliyat bilan yondashishga, el tinchligini asrashga qaratilgan faoliyatimni kuchaytirishga undaydi. Oʻz navbatida Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
