Oʻtgan yilning oktyabr oyidan boshlab Fargʻona viloyati IIB boshligʻining farmoyishi asosida alohida toifadagi shaxslar bilan “Fuqarobay” ishlash boʻyicha yangi amaliyot joriy etilgandi. Unga koʻra, alohida eʼtibor qaratish zarur boʻlgan va uyushmagan 10 ta toifadagi yoshlarning roʻyxati shakllantirilib, ular viloyat IIB masʼullariga biriktirildi.

Hozirda ushbu yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni kasb-hunar va ilmga yoʻnaltirish, bandligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olish maqsadida koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy va huquqiy tagʻibot ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda ham viloyat IIB rahbariyati tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi tadbir ham uyushmagan yoshlarni yagona maqsad yoʻlida birlashtirishga xizmat qildi.

 Fargʻona shahridagi Sharqiy harbiy okrug maʼnaviyat va maʼrifat markazi erta tongdan yoshlar bilan gavjum edi. Uning hovlisida harbiy texnikalar koʻrgazmasi tashkil etilib, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlarining koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. Shu bilan birga, Yoshlar ishlari agentligi va Fargʻona shahar hokimligi hamkorligida yosh tadbirkor va hunarmandlarning koʻrgazmasi oʻtkazildi. Kelajagimiz egalarini ish bilan doimiy band qilish maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etilib, ishga yoʻnaltirish monomarkazlari tomonidan ularga yordam koʻrsatildi. Shuningdek, yoshlar uchun tor doiradagi mutaxassislarning tibbiy koʻrigi ham yoʻlga qoʻyildi.

Tadbirning ikkinchi qismida yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi, unda viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov ishtirok etib, bugungi kunda yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar toʻgʻrisida toʻxtaldi hamda ertangi kunimiz egalarini koʻproq kitob oʻqishga, hunar oʻrganishga, huquqiy bilimlarini yanada oshirib, salbiy illatlardan butunlay uzoq yurishga chorladi.

Viloyat IIB Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan videorolik esa, yoshlarning huquqiy savodxonligini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Shu bilan birga, tadbirda malakali psixolog va turli soha vakillari ham soʻzga chiqib, yoshlarga oʻz taklif va tavsiyalarini berishdi. IIV Fargʻona akademik litseyi oʻquvchilari tomonidan oʻqilgan sheʼrlar, viloyat musiqali drama teatri tomonidan tayyorlangan vatanparvarlik ruhidagi sahna koʻrinishlari ham yoshlarga manzur boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu tadbir oʻquvchi-yoshlarni yangi yutuq va marralar sari ruhlantirib, ularning qalbidagi ona Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat va sadoqat tuygʻularining yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.