Gʻaznaviylarning buyuk hukmdorlaridan Sulton Mahmud Sobuktakin islom dinini yoyish uchun Hindistonga oʻn sakkiz marotaba yurish qiladi. Shularning birida mushkul vaziyatda qoladi. Shunda u Allohga yolvorib: “Ey Rabbim, agar shu jangda gʻolib chiqsam, qoʻlga kiritganim oʻljaning barchasini faqirlarga tarqataman”, deb ahd qiladi.

U gʻolib keladi va kutilganidek katta boylikni qoʻlga kiritadi. Gʻaznaga qaytib kelgandan keyin boylikni muhtojlarga ulasha boshlaydi. Ammo bunga vazir va amirlari qarshi chiqadi: “Ey ulugʻ sulton, nimalar qilyapsiz, axir, shuncha xazina, oltinlar, injular, duru javohirni faqirlarga tarqatib boʻlarkanmi? Ular hatto bularning qiymatini ham bilmaydi. Qolaversa, saltanat xazinasining ham bu boylikka ehtiyoji yoʻq emas”, deyishadi. Sulton esa bu ishni Allohga bergan vaʼdasi uchun qilayotgani bildiradi, lekin amirlar eʼtiroz bildirishda davom etadi. 

Noiloj qolgan sulton zamonasining haqiqiy fozilini huzuriga chiqarib, fikrini soʻraydi. Donishmand: “Sultonim, bu yerda sizni ikkilanishga majbur qiladigan hech narsa yoʻq, hammasi oddiy va aniq namoyon boʻlib turibdi. Agar Allohga boshqa ishim tushmaydi, desangiz, darhol odamlaringiz aytganini qiling, boylikni xazinaga qoʻying. Ammo Allohga yana ishingiz tushadigan boʻlsa, bergan vaʼdangizni bajaring, qoʻlga kiritganlaringizni fuqaroga tarqating”, deydi. 

Sulton uning aytganlarini bajaradi.

Feruza RAHMONQULOVA tayyorladi.