Odatda bolalik yillari uzoq va sokin kechgandek boʻladi. Chunki bola uchun vaqtning oʻzi ham oʻyin kabi tuyuladi. U sakraydi, yuguradi, hazil qiladi, atrofdagi har bir narsadan quvonch topa oladi. Bolalik poklik va sadoqat ramzi sifatida aks etgandek boʻladi. Bu bosqichda ota-ona mehri, begʻuborlik inson qalbida abadiy iz qoldiradi.

Yoshlik yillarida inson tez qadam tashlay boshlaydi. U orzu qiladi, izlanadi, bilim oladi hamda mehnat qiladi. Ayni bosqichda hayotga jiddiy qarab, oʻz oldiga qoʻygan maqsad uchun harakat qilish insonning kelajagini belgilaydi. Yoshlikdagi shijoat va gʻayrat qanchalik toʻgʻri yoʻnaltirilsa, katta hayotda shunchalik samarali natijalarga olib keladi.

Inson yoshi oʻtgani sayin vaqt yugurikligini seza boshlaydi. Bu paytda xotirjamlik, oila bagʻridagi osuda hayot, farzandlar va yaqinlar bilan boʻlish qanchalar qimmatli ekanligini anglay boshlaydi. Mansab yoki moddiy boylikdan koʻra, sogʻliq, tinchlik va mehr-oqibat ustun boʻlib koʻrinadi.

Yillar oʻtgani sayin inson koʻproq sukunat va xotiraga beriladi. U oʻtgan kunlarni eslaydi, hayotida qilgan xatolarini va erishgan yutuqlarini yodga oladi, ularni sarhisob qiladi. Keksalikka hayotdagi barcha bosqichlarning yakuni sifatida qaralmay, balki ularning maʼnaviy hosilasini baholash davri, deb bilmoq lozim.

Hayotning har bir bosqichi oʻzgachaligi, yaʼni bolalik – begʻuborlik davri boʻlsa, yoshlik – orzu yoʻlida shijoatli boʻlishni taqozo etadi. Katta boʻlganda esa masʼuliyatni his etish, keksalikda sukunat va xotirjamlik davri boshlanadi. 

Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz lozimki, qaysi yoshda boʻlmaylik, hayotdan zavq olish, har kunimizni qadrlash va borimizga shukr qilishimiz kerak. Yillar davomida biz hayot maktabini oʻtarkanmiz, uning asosiy sabogʻi – vaqt insonning eng katta boyligi, uning har soniyasi hayotning qimmatli xazinasi ekanligini anglab yetamiz.

Goʻzal JAFAROVA,

oʻz muxbirimiz.