Vatan – kindik qoni toʻkilgan muqaddas dargoh sana­lib, insonda shu zaminga nisbatan vatanparvarlik tuygʻusini shakllantiradi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek: «har bir kishining tugʻilib oʻsgan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tugʻilgan, oʻsgan joyini jonidan ortiq suyar... Biz turkistonliklar oʻz vatanimizni jonimizdan ortiq suyganimiz kabi, arab­lar Arabistonlarini, qumlik issiq choʻllarini, eskimos­lar shimol taraflar, eng sovuq qor va muzlik yerlarni boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi Turonlik oson yerlarga oʻz vatanlarini tashlab hijrat qilurlar edi». Dar­haqiqat, Vatan – ajdodlardan avlodlarga qoladigan eng buyuk, bebaho meros, eng aziz xotira. 

Nafsilamrini aytganda, Vatanga boʻlgan mehr, sadoqat daxldorlikdan boshlanadi. Daxldorlik tuygʻusi kishini olam bilan, oʻz xalqi, Vatani bilan mustahkam bogʻlaydigan rishtadir. 

U uyqudagi odamni uygʻotish, yagona maqsad sari yetaklash qudratiga ega. 

Inson ulgʻaygani sayin 

uning vatanparvarlik tuygʻusi va tasavvurlari ham kengaya boradi. Avvalo uy, soʻngra mahalla, qishloq yoki shahar hamda butun mamlakat Vatan ekani qalban anglab olinadi. 

Vatanga daxldorlik tuygʻusi – muqaddas qad­riyat. U insonni ijtimoiy yetimlikdan asrovchi manzil, maʼnaviy kamolot, hayot maktabi, farovonlik va baxt-saodat oʻchogʻini chin yurakdan his etib turuvchi tuygʻudir. Mavlono Fuzuliyning, «Mening bitta hayotim bor, bordi-yu mingta hayotga ega boʻlgan taqdirimda ham, hamma­sini Vatan uchun sarflagan boʻlur edim», degan soʻzlari har birimiz uchun bebaho vatanparvarlikdir. 

Yurt ravnaqi va taraqqiyotining imkoniyatlari, shon-shuhrati, obroʻ-eʼtibori ham shu millat kishilari Vatanga daxldorlik tuygʻusi­ning darajasi bilan bogʻliqdir. Ajdodlarimiz uchun Vatanga, eliga muhabbat muqaddas tuygʻu hisoblangan. Ular Vatan, xalq manfaati, milliy 

qadr-qimmat, or-nomus masalasini hamma narsadan ustun qoʻyishgan, hattoki shu muqaddas maqsad yoʻlida jonlarini qurbon qilishni oʻzlari uchun sharaf deb bilishgan. 

Vatanni sevish – uni ulugʻ­lashdan tashqari, 

uning qadr-qimmatini, har qarich yerini, mustaqilli­gini himoya qila bilishdir. Shayx Najmiddin Kubro haqiqiy vatanparvar, jasur qahramon boʻlgani tarixdan maʼlum. Millat boshiga ogʻir kunlar tushganida, yurtini tashlab ketishni, jonini asrab qolishni oʻzi uchun nomus deb bildi. Moʻgʻul istilosiga qarshi jang maydonlarida mardona kurashib, halok boʻldi. 

Vatanparvarlik shunchaki soʻzda emas, balki amalda, xatti-harakatlarimizda namoyon boʻlgandagina taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanishi mumkin. Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar jarayonida vatanparvarlik eʼtiqodi har birimizning amaliy ishlarimizda, faol fuqarolik pozitsiyamizda namoyon boʻlishi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda har bir inson faoliya­tida onglilik bilan fidoyilik birlashmogʻi zarur. 

Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yosh avlodda vatanparvarlik va milliy gʻurur tuygʻusini yangi bosqichga koʻtarishni Uchinchi Renessansning eng muhim ehtiyojiga aylantirdi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yoshlarda vatanparvarlik tarbiyasi, milliy ruhni yuksaltirish hamon dolzarb masala boʻlib qolmoqda. 

Chunonchi, mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qi­lish borasida muayan ishlar amalga oshirildi. 

Shu bilan birga, sohadagi vaziyat va amalga oshirilgan tadbirlar tahlili yoshlar­ning keng qatlamlariga daxl­dor boʻlgan dolzarb masa­lalar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlan­tirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmaga­nidan dalolat bermoqda.

Vatanni himoya qilish er yigitning muqaddas burchi sanaladi. Shu bois xalqimiz azal-azaldan oʻgʻil bolaning matonatini toblash, jismonan sogʻlom, ruhan yetuk qilib voyaga yetkazish, ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratgan. Hatto onalarimiz allasi orqali beshikda yotgan goʻdak ruhiga ona yurtga muhabbat va sadoqat tuygʻusi singdirib kelingan. 

 Vatanga muhabbat – 

uning sarhadlarini turli tahdidlardan himoya qilmoq, unda yashovchi xalqning tilini, eʼtiqodini, urf-odatla­rini sevmoqdir. Yosh avlodni ayni shu ruhda tarbiyalash, ayniqsa, ular ongu shuurida buzgʻunchi mafkura va yot gʻoyalarga qarshi maʼnaviy immunitetni shakllantirish gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki buyuk ajdodla­rimizning ibratli hayoti va boy ilmiy-badiiy merosi, dono oʻgitlari vositasida oʻsib kelayotgan yosh avlodning ongi, ruhiyatini har qanday zararli mafkuralar taʼsiridan himoya qilib, ularda Vatanga muhabbat, sadoqat, burch kabi oliy tuygʻularni shakllantirsak, mamlakatimizning jahon hamjamiyatida yetakchi oʻrinni egallashiga mustahkam zamin yaratgan boʻlamiz. 

 Xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi, uni orzu-inti­lishlari, ezgu niyatlari roʻyob­ga chiqishining muhim kafolati, deb biladi. Shu maʼnoda, dunyoning turli mintaqalarida turli talotoʻplar, xunrezliklar avj olayotgan hozirgi qiyin va oʻta murakkab bir davrda mamlakatimiz ichki ishlar organlari xodimlari tinchlik-osoyishtalik va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini saqlash maqsadida fidoyilarcha xizmat qilishayotganini alohida eʼtirof etmoq joiz. Negaki, bu ham Vatanga sodiqlikning bir koʻrinishi. Zero, shu aziz Vatan barchamizniki, uni avaylab-asrash barcha­mizning asl farzandlik burchimizdir. 

 Ichki ishlar organlari xodimlari el-urt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida tunu kun fidoyilarcha xizmat qiladi. Ularning qalbi yurtga muhabbat, burchga sadoqat tuygʻulari bilan limmo-lim toʻla. Shu yurtning, shu elning xotirjamligini oʻylab, jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻlida jonini tikib xizmat qilayotganini dil-dilidan his qiladi. 

 Xulosa oʻrnida aytganda, Uchinchi Renessansni yaratishda vatanparvarlik har bir insonning oʻzi tugʻilib oʻsgan yurtini, elini eʼzozlash, uning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy, maʼnaviy rivoj­lanishi haqida qaygʻurish, gʻamxoʻrlik qilish, taraqqiyotiga oʻzining munosib hissasini qoʻshish, oʻz davlati, mamlakatining mustaqilligini saqlash uchun jon kuydirish va kerak boʻlganda unga oʻz hayotini bagʻishlashga yoʻllaydigan yuksak maʼnaviylik mezonidir. 

 

Azizjon FAYZIYEV, 

podpolkovnik.