Fargʻonalik Sardor Madgʻoziev bir necha yillardan buyon kitob savdosi bilan shugʻullanib keladi. Ayni kunlarda shaharda bir nechta kitob doʻkonlari tarmogʻini ishga tushirib, faoliyatini kengaytirmoqda. Yosh tadbirkor ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifasini ochib, onlayn kitob savdolarini ham yoʻlga qoʻygan.

Shu kunlarda yosh tadbirkor anchadan buyon rejalashtirib yurgan niyatini amalga oshirdi, yaʼni koʻchma kitob doʻkonini tashkil etdi. Shu maqsadda internet orqali rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrgandi va yangi loyihani ishlab chiqdi.

Mahalliy ustalar yordamida sayyor kitob doʻkoni velosipedga moslashtirildi. Uning aytishicha, barcha xarajatlari bilan ixcham, har tomonlama qulay boʻlgan doʻkon oʻn million soʻmga tushgan.

Ayni kunlarda tadbirkor velosipedda harakatlanayotgan sayyor kitob doʻkoni bilan Fargʻona shahrining aholi gavjum joylarida yurib, aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.