Viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Sh. Aliev tashabbusi bilan qisqa muddatda Shofirkon tumanidagi 3-sonli maktabning “Sultonobod” mahalla fuqarolar yigʻinidagi filiali yangi binosi foydalanishga topshirildi. Aytish joizki, maktabda oʻquv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida qurilish, kommunikasiya tizimida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Barcha zamonaviy qulayliklarga ega boʻlgan 80 oʻringa moʻljallangan maktab filiali binosining foydalanishga topshirilishi tumanning Koʻlobod va Sugʻut qishloqlari aholisi, ayniqsa, yoshlari uchun chinakam bayram tuhfasi boʻldi.
Shuningdek, 3-sonli maktabning boshlangʻich sinf oʻquvchilari oʻqishi uchun moslashtirilgan eski binosi maktabgacha taʼlim tashkilotiga aylantirilib, kapital taʼmirdan chiqarildi. Endilikda yuqorida aytilgan ikkala qishloq aholisi uchun foydalanishga topshirilgan ushbu zamonaviy va zaruriy anjomlar bilan jihozlangan maktabgacha taʼlim tashkiloti 60 nafar bolajonlarni oʻz bagʻriga oladi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shuhrat Aliev, tuman mutasaddilari va jamoatchilik vakillari ushbu muassasalarning ochilish marosimida ishtirok etib, barchani qutlugʻ bayram bilan tabrikladi.
M. AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
