Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

 

Bahodir MIRZARAXIMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti boshligʻi, general-mayor.


Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligini keng nishonlashga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Tarix sahnida oʻttiz yil unchalik koʻp vaqtni anglatmas, balki, lekin uning ortida ogʻir va sinovli yillarda bir davlatning oʻz milliy armiyasi tashkil topishi, takomillashuvi va yurt sarhadlarini ishonchli himoya qilayotgan qudratli Qurolli Kuchlariga aylanishidek vaqt mujassam.

Soʻnggi yillarda barcha jabhalarda boʻlgani kabi, harbiy sohada ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshi­rilmoqda. Armiyani ixcham, zamonaviy qurol-aslahalarga ega professional qoʻshinlarga aylantirish borasidagi saʼy-harakatlar oʻz samarasini berib, Oʻzbekiston mudofaa tizimi xalqaro miqyosda yetakchilar qatoridan joy olmoqda. Xususan, «Globalfirepower» tuzgan yangi rey­tingga koʻra, dunyoning eng kuchli armiyalari qatorida Oʻzbekiston 51-oʻrinni egallab, 2020-yilgi natijasini bir pogʻona yaxshilashga erishgan, Markaziy Osiyoda esa eng kuchli deb eʼtirof etilgan. Oʻzbekiston harbiylari erishayotgan yutuqlar ham maqtansa arzigulik. «ArMI-2021»: VII xalqaro armiya oʻyinlarida vakillarimiz 2-oʻrinni egalladi. Musobaqa davomida Oʻzbekiston harbiylari 10 ta rekord natijani qayd etishdi.

Bularning hammasi Milliy armiyamizga boʻlgan eʼtibor, uni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hosilasidir.

Ilgari armiya alohida, xalq alohida bir dunyo edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon!» degan muhim gʻoyani ilgari surdi va vaziyat tubdan oʻzgardi. Harbiy qismlar eshiklari xalq uchun, boʻlajak Vatan posbonlari – yoshlar uchun ochildi. Istiqlol gʻoyalariga sadoqatli, vatanparvar harbiy kadrlarning yangi avlodini yetishtirish bosh maqsad etib belgilandi. Askar va ofitserlarning zamonaviy bilim olishi, harbiy texnika va texnologiyalarni mukammal egallashiga katta eʼtibor qaratildi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Armiya faqat qurol va aslaha bilan kuchli hisoblanmaydi, balki ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar – askar va ofitserlar, generallar bilan qudratlidir. Sohibqiron Amir Temur «Askarlari botir el qudratli boʻlur», deganida aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan boʻlsa, ajab emas.

Bugun mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasi asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini yuksaltirish boʻyicha ijobiy ishlar qilinmoqda. Harbiy qism va boʻlinmalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy poligonlarda oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Harbiylarni ijtimoiy himoya qilish, ularni uy-joy bilan taʼminlash, oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Mamlakat mudofaasini tashkil qilishda Qurolli Kuchlarimizning ajralmas qismi hisoblangan Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi harbiy tuzilmalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, nisbatan katta shaxsiy tarkibga ega, mamlakatdagi muhim obʼekt­lar xavfsizligi ishonib topshirilgan Qorovul hamda Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari ana shunday harbiy tuzilmalar sirasidandir.

Mazkur tuzilmalarda soʻnggi yillarda koʻplab islohotlar oʻtkazildi. Harbiy tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, shaxsiy tarkibni etuk salohiyatli kadrlar bilan jamlash maqsadida Qurolli Kuchlar Akademiyasida Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlarini tayyorlash kafedrasi tashkil etildi. Hozirda bu erda tahsil olayotgan boʻlajak ofitserlar qoʻshinlar uchun malakali mutaxassislar boʻlib yetishadi.

Ayni paytda Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari respublikamizning barcha xalqaro aeroportlarida jamoat tartibini saqlab, xavfsiz­likni taʼminlab, fuqarolarning huquq va erkinliklarini turli qoʻparuvchilik xatarlari, jinoiy hamda boshqa noqonuniy tajovuzlardan himoya qilib kelmoqda.

Hozirgi kunda mudofaa tizimidagi boshqa harbiy tuzilmalar qatori IIV tasarrufidagi qoʻshinlar harbiy xizmatchilarini ijtimoiy himoya qilish, ularni moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Harbiy xizmatchilar uy-joy bilan taʼminlanmoqda. Ularning farzandlariga kvota asosida respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berilyapti. Xususan, oʻtgan yili mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan, jangovar xizmat va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari harbiy xizmatchilarining 64 nafar farzandiga ana shunday tavsiyanomalar taqdim etildi.

Qorovul qoʻshinlari harbiy xizmatchilariga koʻrsatilayotgan eʼtibor ham bundan kam emas. Oʻtgan yilning oʻzida tuzilma harbiy xizmatchilari 153 та xizmat, 669 ta yangi, zamonaviy xonadonga koʻchib oʻtdi. 157 nafar harbiy xizmatchining farzandlari oliy oʻquv yurtiga kirish uchun 5 foizli kvota asosida tavsiya­nomalar bilan taʼminlandi.

Qurolli Kuchlar tashkil topgan vaqtdan buyon IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash va Qorovul qoʻshinlarida xizmat qilayotgan koʻplab harbiylar xizmati davlatimiz tomonidan munosib eʼtirof etib kelinmoqda. Oʻtgan 30 yil davomida fidoyi xizmati, koʻrsatgan jasorati evaziga yuzlab harbiy xizmatchilar davlat mukofotlariga sazovor boʻlishdi, vazirlikning «Aʼlo xizmatlari uchun», I, II va III darajali «Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun» koʻkrak nishonlari va boshsa mukofotlar bilan ragʻbatlantirildi.

Tarixga aylangan 2021-yil Qorovul qoʻshinlarida ham unutilmas voqealarga boy boʻldi. Jangovar xizmat faoliyatini tashkil etishda, jismoniy tayyorgarlik, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, qolaversa, moddiy va texnik taʼminot sohalarda katta natijalar qoʻlga kiritildi.

Qoʻshinni zamonaviy harbiy texnikasiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shu maʼnoda, Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari 17 ta eng soʻnggi rusumdagi BTR harbiy texnikasini qabul qilib olgan boʻlsa, Qorovul qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bir nechta «Qal­qon» rusumli yengil zirhlangan texnikalarga ega boʻldi.

Jismoniy va jangovar tayyorgarligi haminqadar harbiy xizmatchi oxir-oqibat pand berishi muqarrar. Shuning uchun harbiy xizmatchilarimizning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini yaxshilashga, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga, turli oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish doimiy diqqat markazimizda. Harbiylar va ularning oilalari ishtirokida turli sport musobaqalarini oʻtkazish anʼana tusini olgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi «Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga asosan, Qorovul qoʻshinlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida sportning qoʻl jangi turini ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Xususan, oʻtgan yili mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan IIV «Jar» sport-sogʻlomlashtirish majmuasida qoʻl jangi boʻyicha Qorovul qoʻshinlari qoʻmondoni kubogi musobaqasi oʻtkazildi.

Qoʻshin harbiy xizmatchilari nafaqat harbiy tuzilmalar oʻrtasida oʻtkazilayotgan tanlovlar, sport bellashuvlarida, balki xalqaro musobaqalarda ham muvaffaqiyatga erishmoqda. Xususan, oʻtgan yili oʻtkazilgan jahon va Osiyo chempionatlarida qoʻl jangi hamda karate yoʻnalishlarida ishtirok etgan sportchi harbiylarimiz – kapitan Jamol Amonov, kichik serjant Munisa Ahmedova, od­diy askarlar Bobur Rahmatov, Sanjar Bahromov, Zikrillo Mamatqulov va Baxtiyor Oʻtkirov yurtimiz bayrogʻini baland koʻtardi.

Oʻtgan yilning sentabr oyida Toshkent shahridagi IIV «Jar» sport-sogʻlomlashtirish majmuasida sportning jet kun-do turi boʻyicha Respublika ochiq kubogi musobaqasida Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlariga qarashli 7251-sonli harbiy qism muddatli harbiy xizmatchisi, oddiy askar Islomjon Murodboev 70 kg vazn toifasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Avgust oyida Buxoro shahrida «Usmonov kombat sistems» sport turi boʻyicha boʻlib oʻtgan xalqaro turnirda mazkur harbiy qismning biryoʻla uch nafar harbiy xizmatchisi – oddiy askar A. Muydinov 1-oʻrinni, kichik serjant M. Ergashev 2-oʻrinni va oddiy askar D. Rajabov 3-oʻrinni egalladi.

Bularning barchasi, albatta, Milliy armiyamizga koʻrsatilayotgan eʼtibor, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan aniq maqsadli va istiqbolli islohotlarning natijasidir. Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar harbiy xizmatchilarmizda Vatan taqdiriga daxl­dorlik tuygʻusining tobora kuchayishida asosiy omil boʻlmoqda.