Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Bu yil mamlakatimizda Navroʻz umumxalq bayrami Prezidentimizning «2024-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, «Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!» degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.
Oʻlkamizga yasharish ayyomi – Navroʻzi olam kirib kelishi bilan ona zamin uzra koʻklam nafasi taralib, qalblarda oʻzgacha orziqish, koʻtarinki kayfiyat, shod-u xurramlik va ezgu niyatlar butun borliq bilan hamohanglik kasb etadi.
Navroʻz – tun bilan kunning tenglashishi, yangi davr, kunlarning uzayib, bogʻ-u rogʻ, dalalarga rizq-roʻz qadash, mehnatning boshlanishidir.
Anʼanalar silsilasi
Milliy anʼana va qadriyatlarimiz jamlangan ushbu shodiyona kun xalqimizning oʻziday qadim va ulugʻligi haqida tarixiy manbalarda atroflicha soʻz yuritilgan. Xususan, «yangi kun» maʼnosini beruvchi ushbu qadim va boqiy bayram, uning nishonlanishi Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Mahmud Qoshgʻariyning «Devonu lugʻotit turk», Firdavsiyning «Shohnoma», Umar Xayyomning «Navroʻznoma» kabi asarlarida miloddan avvalgi VI–V asrlarda boshlanganiga oid koʻplab maʼlumotlar yozib qoldirilgan. Navroʻzning tarixiy ildizlari borasida juda koʻplab manbalar, jumladan, Avesto, Tabariyning «Tarixi Tabariy», Abu Rayhon Beruniyning «Tafhim», «Qonuni Masʼudiy», Masʼudiyning «Muruj az-zahab», Muhammad Husayn Burhonning «Forsnoma», Hofizi Abruning «Zubdat-at-tavorix», Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy», «Xazoyin ul-maoniy» asarlarida bayram va uning tarixiga oid qaydlar mavjud.
Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi toʻgʻrisida soʻzlab: «Bu oyning birinchi kuni Navroʻzdir, – deydi. – Navroʻz yilning birinchi kuni boʻlib, uning forscha nomi ham shu maʼnoni anglatarkan. Navroʻz eronliklar zijlari boʻyicha oʻtmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga toʻgʻri kelar edi. Soʻngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan boʻldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, yaʼni bahor yomgʻirining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, oʻsimlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navroʻz olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan».
Bahor elchisi
Musaffo osmon uzra saxiy quyoshning charaqlab nur sochishi, qir-u adirlar yam-yashil oʻt-oʻlanlar, boychechak-chuchmoma, lolaqizgʻaldoqlarga burkanib, yangi kun, bahorni olqishlayotgan qushlarning yoqimli ovozi har qanday inson ruhiyatiga koʻtarinkilik bagʻishlaydi. Ayniqsa, qadimdan bahor elchisi boychechak xonadonlarga shod-xurramlik, baxt va omad, toʻkinlik va baraka olib keladi, degan tasavvur uygʻotgan.
Bu ajdodlarimizning oʻzi bilan tabiat oʻrtasiga chegara qoʻymagani, balki oʻzlarini tabiatning bir boʻlagi, deb qaraganining ham bir isbotidir. Ular boshi uzra porlab turgan oy, quyosh hamda yulduzlar, atrofini oʻrab turgan tabobat, nabototning sirini bilishga, undagi oʻzgarishlar inson qalbi va ruhiyatiga taʼsir etishini anglaganlar. Tabiatni alqaganlar, samoni ulugʻlaganlar.
Boychechakni tutdilar,
Tut yogʻochga osdilar.
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Bu qoʻshiq satrlari bir qaraganda, anchayin joʻn va tushuniksizdek tuyuladi? Ammo qoʻshiqda boychechak muqaddas sanalib, «qurbonlik» qilinishi bilan bogʻliq qadim marosim haqida soʻz bormoqda. Qadimda qish uzoq choʻzilib, koʻklam kelishi intiqlik bilan kutilganda, Boychechak marosimi oʻtkazilgan. Bu marosim qish va koʻklamning kurashini ifodalagan.
Shoh taom
Boqiy ayyomning shoh taomi – sumalak va uning tayyorlanishi bilan bogʻliq rivoyatlar tilimizda koʻp va xoʻp aylanadi. Ushbu rivoyatlar zamirida esa bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish, jipslashuv, yaxshi-yomon kunlarda birga, sabr va irodali boʻlishdek ezgu gʻoyalar yotadi, albatta. Quvonarlisi, hozirda ham erta koʻklamdan keksa-yu yoshning birdek doshqozon boshida jam boʻlib, bahoriy taomni kovlashi, unga tosh tashlab, yaxshi niyatlar bilan duoga qoʻl ochishi misolida ibratli hikoyatlar ayni kunlarda ham insonlar qalbida oʻzining tarbiyaviy qimmatini yoʻqotmay kelayotganining isbotidir. Shuningdek, sumalak, halim va koʻksomsa, koʻkchuchvara singari koʻklam taomlari ilik uzildi paytida kishilarga quvvat boʻlishi, darmondorilarga boyligi bilan zamonaviy tibbiyotda ham tan olinayotgani hech birimizga sir emas.
BARAKA FASLI
Har yili keksa-yu yosh uchun birdek orziqib kutiladigan va katta tantana bilan
nishonlanadigan Navroʻz bayrami umuminsoniy fazilatlar, milliylikka yoʻgʻrilgan urf-odatlar-u qadriyatlarimiz ifodasi yangligʻ qalblarga olam-olam surur baxsh etadi.
Aynan Navroʻz kunlarida amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari, mehr-saxovat tadbirlari, insoniy fazilatlar boshqa vaqtdagi ezgu amallarga qaraganda yorqinroq namoyon boʻladi.
Sohibkor bogʻbon-u dehqonlar, keksalar koʻklamning har daqiqasini qadrlab, gʻayrat-shijoat bobida yoshlarga ibrat boʻlishadi. Ular bosh boʻlib qadalgan har urugʻ, har bir nihol ertangi kunga baraka, dasturxonlarga rizq-roʻz, el-u yurtga nasiba, farovon turmush omili boʻlib unadi, koʻkka boʻy choʻzadi.
Boqiy qadriyatlar
Tabiatning yangilanishi bilan boshlanuvchi bu bayram qadimdan to bugunga qadar turli marosimlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Xususan, xalq sayillari, milliy oʻyinlar – kurash, koʻpkari musobaqalari, teatr tomoshalari tashkil etiladi. Oddiygina oʻtovdan tortib, yopilgan nonda, kashtachilik, naqshinkor gilamlarda ham tabiatga inja munosabat, uni ayash, ulugʻlash yaqqol aks etadi. Ayniqsa, begʻubor osmon bagʻrida bahoriy nasimlarga qonib, yengil parvoz qilgan varraklar, bolalarning qiy-chuvlari-yu shodon kulgulari tabiatning uygʻonishiga rang kiritadi, goʻyo. Ot, chillak, qoʻgʻirchoq, arqon tortish, tosh koʻtarish va boshqa oʻyinlarning zavqi esa oʻzgacha. Atlas va adrasdan tikilgan milliy liboslardagi bir-biridan chiroyli qizlar, beqasam toʻnlar kiygan koʻrkam yigitlarning qiyofasida yangi kunning nashidasi ufurib turadi.
Fusunkor bayram
Navroʻz – oddiy bir bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan, millat bilan ulgʻayib, millat bilan birga taraqqiy etgan va har jihatdan
uning ong-u shuuriga oʻzining benazir xosiyati bilan singib ketgan ayyom. Zotan, yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, «xalqimiz milliy yuksalish va milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻygan hozirgi vaqtda barcha ezgu qadriyat va anʼanalarimiz qatori Navroʻz bayramining ham hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda». Buni har yilgi Navroʻzi olam ona xalqimizga milliy, azaliy urf-odatlar, qadriyatlar qanotida shodlik-xurramlik ulashib kelayotgani misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Zero, musaffo osmon ostida tinch-totuv umr kechirayotgan har bir yurtdoshimizning qalbiga ona tabiatning betakror fusunkorligi bilan koʻchgan ayyom, ularning oʻzidek aziz va ulugʻdir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA.
