Shuningdek, yigʻilishda Qurolli Kuchlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, qoʻshinlarning jangovar shayligi va ruhiy tayyorgarligini oshirish, boʻlinmalarni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar bilan taʼminlash kabi masalalar sarhisob qilinib, navbatdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
2023-yilning 13-sentabrida qabul qilingan «Oʻzbekiston–2030» strategiyasining beshinchi — «Xavfsiz va tinchliksevar davlat» tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yoʻnalishi doirasida amalga oshiriladigan muhim maqsad va vazifalar, xususan, strategiya orqali istiqbolli yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, keng mintaqalarni bogʻlovchi va Oʻzbekistonning jahon bozoriga chiqishiga imkon yaratuvchi transport-logistika yoʻlaklarini shakllantirish, Qurolli Kuchlar qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada kengaytirish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan roli va oʻrnini oshirish, xalq farovonligi, tinchligi, inson huquqlari kafolatini taʼminlaydigan adolatli davlat qurishda mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish muhimdir. Bu borada «Xavfsiz va tinchliksevar davlat» tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish orqali ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish boʻyicha islohotlarni jadallashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ushbu tamoyil asosida bir qator ustuvor va istiqbolli vazifalarni amalga oshirish orqali mamlakatning ijtimoiy-siyosiy mavqeyini mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etadigan omildir. Bu faoliyatda tasdiqlangan quyidagi yoʻnalishlar qamrab olingan istiqbol rejalarini amalga oshirishda masʼuliyat va burch bilan yondashuv talab qilinadi. Yaʼni:
– Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirish;
– Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish;
– anʼanaviy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlariga qoʻshilish;
– tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, xorijda mehnat faoliyatini yuritayotgan fuqarolarga har tomonlama koʻmak koʻrsatish;
– jahonda sodir boʻlayotgan murakkab global jarayonlarni inobatga olgan holda, Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirish;
– favqulodda vaziyatlar va global iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq aholi hayotiga xavf soluvchi ofatlarning oldini olish;
– chegaralar xavfsizligini mustahkamlash;
– jamiyatda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish masalalari shular jumlasidandir.
Bugungi sharoitda mamlakatimizning istiqboli bevosita tashqi siyosat masalasiga bogʻliqdir. Yangi Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish, Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hamda Yaqin va Oʻrta Sharq mintaqasidagi davlatlar bilan aloqalarni kengaytirish orqali samarali olib bormoqda.
BMTda Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlarga nisbatan yangicha, ochiq va yaxshi qoʻshnichilik siyosati ijobiy baholanmoqda. Oʻzbekistonning yangi mintaqaviy siyosatiga berilgan bunday baho Prezidentimiz rahbarligida yuritilayotgan tinchliksevar va doʻstona tashqi siyosat BMTning asosiy maqsadlari va vazifalari bilan hamohangligi natijasidir.
Oʻzbekiston quyidagi tamoyillarga asoslangan holda, izchil tashqi siyosatni yuritmoqda: a) hamkorlik qilishda, mafkuraviy qarashlardan qatʼi nazar, ochiqlik; b) teng huquqlilik va oʻzaro manfaat, suverenitet, hududiy yaxlitlik, chegaralar daxlsizligini hurmat qilish; v) davlatlarning ichki siyosatiga aralashmaslik, munozaralarni
tinch yoʻl bilan hal etish, kuch yoki tahdid kuchlarini qoʻllamaslik;
g) harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, oʻz hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashuviga yoʻl qoʻymaslik, xorijiy operatsiyalarda ishtirok etmaslik.
Taʼkidlash joizki, 2023-yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan referendum orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada (Muqaddima, 17,18-moddalar) Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilgan holda qabul qilishga doir alohida band kiritilgan boʻlib, bu ham soʻnggi yillarda tashqi siyosatda amalga oshirilgan islohotlarni kelgusida yanada chuqurlashtirish uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Konstitutsiyamiz Muqaddimasidagi quyidagi jumlalar ham eʼtiborga molikdir: «...davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosiga tayanib...ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz...»
Darhaqiqat, Amu va Sirdaryo oraligʻida paydo boʻlgan insoniyat sivilizatsiyasi bu yerda paydo boʻlgan va yashagan xalqlarning qadim tarixidan darak beradi. Bu makonda yaratilgan «Avesto» kitobi esa qadimda nafaqat xalqlar, balki bu yerlarda shahar va davlatlar shakllanganligini isbotladi. Qarangki, bunday makon, bunday insoniyat beshiklari dunyoning hamma yerida ham boʻlgan emas. Bu shonli tarixdan, ajdodlarimizning sharafli maʼnaviy merosidan faxrlanishimiz, gʻururlanishimiz bejiz emas.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «Bizga bu kuchni chetdan izlashning hojati yoʻq. Shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi».
Xurshid Qurbonov,
Navoiy Davlat pedagogika instituti dotsenti.
