Registon maydonida IIB xodimlari hamda ularning oila aʼzolari uchun ochiq osmon ostida A.P.Chexov nomidagi Samarqand drama musiqali teatri aktyorlari tomonidan “Oila – maʼnaviyat va tarbiya maskani” mavzusida spektaklʼ namoyishi oʻtkazildi, deya xabar qiladi viloyat IIB Axborot xizmati.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori asosida “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi” qabul qilindi. Bu borada reja tasdiqlanib amaliyotga tadbiq etilmoqda. Xususan, Samarqand viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi xotin-qizlar masalalari yoʻnalishi va yoshlar bilan ishlash guruhi tashabbusi bilan oʻtkazilgan teatr tomoshasi ham xodimlarning estetik tarbiyasini kuchaytirish, ularning madaniyat va sanʼatning turli yoʻnalishlariga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

– Bugungi teatr tomoshasiga oila aʼzolarimiz bilan kelib, madaniy hordiq chiqardik, – deydi Samarqand shahri boʻyicha IIOFMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, podpolkovnik Dilora Xotamova. – Bundan juda ham xursandmiz. Kelgusida ham shunday tadbirlar oʻtkazilishi tarafdorimiz. Chunki bunday madaniy-maʼrifiy tadbirlar xodimlarning ish faoliyati samaradorligini oshishida xizmat qiladi. 

Ha, bunday tadbirlar yurt tinchligi, osoyishtaligi, xalqimizning farovon hayoti yoʻlida masʼuliyat va oʻz oʻrnida sharafli xizmatni olib borayotgan kasb egalarining nafaqat maʼnaviyati balki ularning vaqtini mazmunli oʻtkazishini taʼminlaydi. 

Gulnoza TURGʻUNBOEVA,

 “Postda” muxbiri.

Samarqand viloyati.