Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu yil ijtimoiy himoya boʻyicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qoʻshimcha 28 ta yangi tashabbusning ilgari surilgani aholini ijtimoiy himoya qilish davlatimiz oldida turgan eng muhim va eng dolzarb vazifa hisoblanishining yana bir isboti boʻldi.
Yurtboshimizning gʻamxoʻrligi, ehtiyojmand oilalardagi muhitni, kayfiyatni yaxshi bilishi natijasida ijtimoiy himoya bilan bogʻliq masalalar boʻyicha butunlay yangi tizim yaratildi. Xususan, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi ishga tushirilib, kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam koʻrsatish boshlandi. Ochiqlik, tenglik, adolat tamoyillariga qatʼiy amal qilish vazifasi belgilandi. Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish boʻyicha izchil islohotlar samarali olib borilmoqda.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi bugungi kun talablari sharoitida terrorizm va jinoyatchilikka munosib qarshilik koʻrsatgan, xizmat vazifalarini bajarish chogʻida qahramonlik hamda jasorat namoyon etgan xodimlarni va ularning oila aʼzolarini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyilgan. Chunonchi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hayot uchun yuqori xatarga ega ekanligini inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish hamda maʼnaviy-ruhiy holatini mustahkamlash maqsadida Prezidentimizning qator qaror va farmonlari qabul qilindi. Xususan, «Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 2017-yil 29-noyabr qaroriga muvofiq, xodimlarga davolanishi uchun, betob yaqin qarindoshlari (ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlari)ni operatsiya qildirish, ortopedik oyoq kiyim va protez-ortopedik mahsulotlar bilan taʼminlash xarajatlarini qoplash uchun, sanatoriy-kurort muassasalarida davolanish va dam olish uchun hamda toʻylar va dafn marosimlarini oʻtkazish uchun moddiy yordam koʻrsatish hamda pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar berish yuzasidan mablagʻlar ajratish masalasini koʻrib chiqish tegishli komissiyalar tomonidan amalga
oshirilishi belgilangan.
Ichki ishlar organlari tizimida ijtimoiy himoya qilishning quyidagi shakllari mavjud:
– uy-joy bilan taʼminlash yoki yashash sharoitini yaxshilash;
– ijtimoiy (moddiy) yordam koʻrsatish;
– yengil avtotransport vositalarini sotib olish uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida qarz berish;
– oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish;
– mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash;
– xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tashkilot va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish natijasida qilingan xarajatlarni qoplab berish;
– xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan yoki halok boʻlganda bir martalik nafaqa tayinlash;
– terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan tan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan, shuningdek, xizmat davomida yuqori natijalarga erishgan xodim va harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishning alohida tartibini belgilash;
– tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam va sanatoriy-kurort taʼminoti;
– xodim va harbiy xizmatchilarning farzandlarini IIV tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga joylashtirish hamda bolalar dam olish va sogʻlomlashtirish maskanlariga yuborish.
Chunonchi, xodimlar ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash davrida qonunchilikda belgilangan meʼyor, navbat va imtiyozlarni inobatga olgan holda, umumiy asoslarda davlat tomonidan uy-joy bilan taʼminlanish huquqiga egadirlar. Ichki ishlar organlari xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash yoki yashash sharoitini yaxshilash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: xizmat xonadonlari bilan taʼminlash; imtiyozli shartlar va narxlarda ipoteka krediti (turarjoyning dastlabki badali) ajratish asosida turarjoy bilan taʼminlash; foizsiz qarz berish; «tayyor holda topshirish» shartlarida uy-joy bilan taʼminlash; ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasini toʻlab berish shular jumlasidandir.
Quvonarlisi, 10 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilarga turarjoy sotib olishlari uchun ajratiladigan dastlabki badal pullari 25 foizdan 35 foizga, har oylik ijara puli kompensatsiyalari esa 20 foizga oshirilishiga erishildi.
Tizimda besh yildan ortiq xizmat qilgan, xizmatda samarali natijalarga erishgan va uy-joy bilan taʼminlanmagan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat hisobiga turarjoy bilan taʼminlanish yoki turarjoy sharoitlarini yaxshilash huquqiga ega boʻlgan xodimlarga imtiyozli shartlarda ipoteka kreditlari asosida turarjoy sotib olish (qurish) uchun dastlabki badal ajratiladi.
Xodimlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida yengil avtotransport vositalarini sotib olish uchun ham qarz beriladi. Qarz ichki ishlar organlarida amaliy xizmat staji 10 yildan ortiq boʻlgan, xizmatda samarali natijalarga erishgan xodimlarga mamlakatda ishlab chiqarilgan yengil avtotransport vositalarini sotib olish uchun 3 yil muddatga Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasida ajratiladi.
Xodimlarning farzandlarini kvota asosida davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga hamda Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-fevraldagi «Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi «Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish toʻgʻrisida»gi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Shuningdek, xodim va harbiy xizmatchilar yoki ularning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga yetkazilgan zarar xodim va harbiy xizmatchilarning xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida yetkazilgan taqdirdagina qoplanadi. Xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan xodim va harbiy xizmatchilar, kursant va tinglovchilarga yoki halok boʻlgan xodim va harbiy xizmatchilar, kursant va tinglovchilarning oila aʼzolariga bir martalik nafaqa toʻlab beriladi.
Nodirjon Bazarov,
IIV MMI va KBTD
Ijtimoiy himoya boshqarmasi
bosh inspektori, mayor.
