Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Har safar ona Vatanimizning tinchlik-osoyishtaligi, mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar, yoshlarimizning ilm-fan, sanʼat, sport va boshqa turli sohalarda erishayotgan yutuqlari haqida oʻylarkanmiz, osoyishtalik posbonlariga boʻlgan hurmatimiz oshaveradi. Zero, erishilayotgan barcha yutuq hamda muvaffaqiyatlar ona Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik tufaylidir...
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar samarasi oʻlaroq, sohada koʻplab yutuqlar qoʻlga kiritildi. Eng asosiysi, bu boradagi saʼy-harakatlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 26 fevraldagi «Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, sohada koʻplab ibratli ishlar amalga oshirildi.
2019–2020 yillarda xizmat vaqtida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan xodimlarning 121 nafar farzandiga oliy taʼlim muassasalariga grant asosida oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma va taqdimnomalar berildi. Shuningdek, 8 nafariga kontrakt pullari toʻlab kelinmoqda.
Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda oʻqishga kirishlari uchun xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotgan xodimlarning 3478 nafar farzandiga ham tavsiyanoma va taqdimnomalar berildi. Bunday gʻamxoʻrliklar yoshlar ongida Vatanga muhabbat tuygʻusini shakllantirish bilan birga, shu muqaddas yurtning tinchligi, osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishning naqadar ezgu va savobli ish ekanligini teran his qilishida ham muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Uyidan koʻngli toʻq, oila aʼzolaridan xotirjam osoyishtalik posbonigina zimmasidagi masʼuliyatli vazifani vijdonan bajara oladi. Shu bois ichki ishlar organlari xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti. Xususan, ularning turar joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2017–2020 yillar davomida 241 ta xizmat uylari qurilib, turar joyga ehtiyoji boʻlgan hamda xizmatda alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarga topshirildi.
Bundan tashqari, 2018–2020 yillarda imtiyozli ipoteka krediti asosida Toshkent shahrida barpo etilgan zamonaviy koʻp qavatli uylardan 392 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2 mingga yaqin kvartiralar ajratildi. Bu kabi ishlar hozirgi kunda ham izchillik bilan olib borilmoqda.
Xodimlarning xizmat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlar qamrovi ham yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2017–2020 yillar davomida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shinam va koʻrkam, barcha qulayliklarga ega xizmat xonalari mavjud boʻlgan 369 ta ichki ishlar organining maʼmuriy binolari kapital taʼmirlandi. 45 tasi butkul yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan profilaktika inspektorlariga oʻzlari osoyishtaligini taʼminlashga masʼul boʻlgan hududdan xizmat uylari berilishi joylarda aholi, xususan, yoshlar va voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar soni kamayishida muhim omil boʻlayotir. Ularning faoliyatini uzluksiz tashkil etish hamda aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida 6787 ta xizmat uyi qurib berildi va 7388 ta shaxsiy avtomashina uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.
Sogʻliq-salomatlik xuddi tinchlik-xotirjamlik singari, bu yorugʻ olamdagi bebaho neʼmatdir. Shuning uchun ham ichki ishlar organlari xodimlari, ularning oila aʼzolari salomatligini mustahkamlashga alohida ahamiyat berilyapti. Bugungi kunda terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlarining oila aʼzolari, shuningdek ushbu holatlarda olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan osoyishtalik posbonlari ichki ishlar organlari tibbiy muassasalari xizmatidan bepul foydalanmoqda. Sanatoriylarda sogʻligʻini mustahkamlashmoqda. Bundan tashqari, ularning farzandlariga ham yozgi taʼtil mavsumini maroqli oʻtkazishlari uchun bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga yoʻllanmalar ajratilyapti.
Xizmat vazifalarini bajarish chogʻida qahramonlik hamda jasorat namoyon etgan xodimlar va ularning oila aʼzolari davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan 56 nafar xodimning oila aʼzolariga 28 mln. soʻm pul mablagʻlari hamda 17,5 mln. soʻmlik qimmatbaho sovgʻalar berildi. Shuningdek, oʻtgan yili toʻy marosimlarini oʻtkazish yoki sogʻligʻini tiklash uchun 53 nafar xodimga jami 329 mln. soʻm moddiy yordam pullari berildi.
Xizmat majburiyatini bajarish chogʻida tan jarohati olgan va nogiron boʻlib qolgan 52 nafar xodimga hamda vafot etgan 40 nafar xodimning oila aʼzolariga 8 mlrd. 513 mln. soʻm miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa pullari berildi. Shuningdek, turli darajada tan jarohati olgan va vafot etgan 2000 nafarga yaqin xodim va ularning oila aʼzolariga 10 mlrd. soʻm miqdoridagi sugʻurta pullari toʻlab berildi.
Xullas, ichki ishlar organlari xodimlariga xizmatni namunali oʻtashlari uchun qulay sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish davlatimiz va vazirlik rahbariyatining doimiy eʼtiborida ekanligi osoyishtalik posbonlarini yangi muvaffaqiyatlar sari ruhlantirmoqda.
