Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Ichki ishlar organlari xodimlari nafaqat xizmatda, balki oʻzi yashayotgan mahallada ham doimo sogʻlom muhit yaratishga harakat qilishi lozim. Chunki sogʻlom muhit mavjud joydagina inson kayfiyati yaxshi boʻladi, faoliyatida samara, ishida unum boʻladi, shu tariqa, mahalla ahli orasida obroʻ-eʼtibor qozonadi.
Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatining poydevori adolat va halollikdir. Aynan shu fazilatlar tufayli xodimning xizmati sharaflanadi.
Elga halol xizmat qilishdan oʻzga obroʻ yoʻq. Tinch, farovon, hadik-xavotirsiz, obroʻ-eʼtibor bilan yashamoqlikning asosi halollik, ruhan poklikdir. Xodimning qanday turmush kechirayotgani, uning oilasi, farzandlarining tarbiyasi, qoʻni-qoʻshnilar bilan munosabati, samimiyligi kabi xislatlarini mahalladagi barcha insonlar yaxshi biladi.
Ichki ishlar organlari xodimlari obroʻsini oshiradigan fazilatlardan yana biri muomala madaniyatidir. Muomala madaniyatiga, odobiga ota-bobolarimiz azaldan alohida eʼtibor berib kelgan. Tildan, uning mahsuli boʻlgan soʻzdan odob doirasida foydalanishgan. Xalqimizda «Yaxshi soʻz – jon ozigʻi, yomon soʻz – bosh qozigʻi» yoki Tilingda boʻlsa boling, kulib turar iqboling, degan hikmatlar bejiz aytilmagan.
Xodim mahallada oʻz oʻrnini topishida, qoʻni-qoʻshnilar bilan muomala qilishda, mavjud muammolarni hal qilishda shirinsuxan boʻlishi yaxshi samara beradi. Soʻz ichki ishlar organlari xodimlarining koʻrki, maʼnaviy qiyofasi hamdir. Soʻzdan toʻgʻri foydalanish xodimga obroʻ keltiradi, undan oʻrinsiz foydalanish xodimning dunyoqarashi tor, maʼnaviy olami qashshoqligini anglatadi va yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Beruniy bobomiz: «Soʻz – tabiat yaratgan moʻʼjiza, uni toʻgʻri yozish, toʻgʻri talaffuz qilish va undan yaxshilik uchun foydalanish dono kishining ishi», degan. Xodimning har bir soʻzi oʻziga doʻst ham, dushman ham boʻlishi mumkin. Bu soʻzni qanday ishlatishga bogʻliq.
Ichki ishlar organlari xodimlari mahalla ahliga beminnat xizmat qilish va bundan iftixor hissini tuyishni amaliy faoliyatining mezoniga aylantirishi kerak. Zotan, «Yaxshining qadrini xalq biladi, xalqning taqdirini mard biladi», degan naqlning maʼno-mazmunini unutmasligimiz kerak.
Bugun mahallasidagi insonlarning dardu gʻamini yuragidan oʻtkazib, uning qadriga yetadigan fidoyi xodimlar kam emas. Ular oʻzlarining mardligi, aql-zakovati, bilimi, halolligi, adolatli faoliyati bilan zamon talablarini, sohadagi islohotlar mazmunini chuqur anglab, el-yurt baxt-saodati, uning istiqboli va taraqqiyoti uchun vijdonan xizmat qilayotganini qayd etish lozim.
Har bir xodim, taʼbir joiz boʻlsa, nazorat mexanizmi bilan dunyoga keladi. Bu noyob moʻʼjizaning nomi vijdondir. Vijdoni pok inson oʻzini ham, oʻzgalarni ham hurmat qiladi. Vijdon pokligi har bir xodimning oʻziga ishonchini yanada mustahkamlaydi. Chunki u halol xizmat qiladi, oʻz burchini chuqur anglaydi. Bu burch adolat va halollik bilan, vijdonan xizmat qilishdir. Bunday xodimning maʼnaviyati yuksak boʻladi. Yuksak maʼnaviyatli xodim hech qachon yengilmaydi, aksincha, mahallada, xalq orasida obroʻ topadi.
Xodimning oilasida sogʻlom maʼnaviy muhitni qaror toptirish ham muhim masalalardan biridir. Er-xotin, ota-ona va farzandlar, qaynona va kelin, qoʻni-qoʻshni oʻrtasidagi munosabatlarning oʻzaro hurmat, mehr-oqibat ruhida boʻlishiga erishish — oilada tinchlik-osoyishtalik va ahillikni yanada mustahkamlashning eng muhim shartidir.
Hayot, asosan, oiladan boshlanadi. Xalqimizda «Qush uyasida koʻrganini qiladi», degan naql bor. Demak, ota-ona pok va halol boʻlsa, farzandi ham shu ruhda kamol topadi. Farzanddagi yaxshi feʼl va amallar halol luqmadandir.
Yoshlarni maʼnaviy barkamol qilib tarbiyalashda oilaning oʻrni va taʼsiri beqiyosdir. Negaki, insonning shaxs sifatida shakllanishi, maʼnaviyatini yuksaltirish jarayonlari oila bagʻrida yuz beradi. Farzandning atrof muhitga, jamiyatda sodir boʻlayotgan voqealarga munosabati ota-onasi bilan boʻladigan tarbiyaviy, maʼnaviy muloqotida oʻz aksini topadi. Yoshlikda nosogʻlom muhitda yashash natijasida bolada turli ijtimoiy illatlarga moyillik shakllanadi. Uni bunday gʻoyalardan himoya qilish ota-onaning zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Farzandning atrofdagi insonlarga munosabati, dunyoga qay koʻz bilan qarashi uning hayotidagi birinchi va asosiy murabbiylari boʻlmish ota-onaga bogʻliqdir. Oilada oʻrnatilgan oʻzaro munosabatlardagi ahillik, totuvlik, har doim bir-birini qoʻllab-quvvatlab turish noxush holatlarning oldini oladi.
Oila muhiti Vatan muhitining asosini tashkil etadi. Vatan muhiti dastlabki ozigʻini, dastlabki quvvatini oila quchogʻidan oladi. Iymon-eʼtiqodi but, maʼrifatli oilada komil inson voyaga yetadi. Oʻz oila aʼzolariga nisbatan muhabbat tuygʻusiga ega boʻlmagan, ularga fidokorlik qilishni bilmagan xodim «Vatanga fidokorlik» tuygʻusi bilan ham oshno boʻla olmaydi. Shunday ekan, oila muhiti Vatan muhitining boshlanishi, birinchi bosqichi ekanini bir nafas ham unutmaslik lozim.
Xalqimiz tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, eng qimmatli anʼanalar: halollik, rostgoʻylik, or-nomus, sharmu hayo, mehru oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar, eng avvalo, oilada shakllangan.
Ichki ishlar organlari tizimida himmatli, or-nomusli, mahallasi, oilasi, ahli ayoli, farzandlari gʻururini, jamiyat va millat gʻururi bilan asrashni oʻzining muqaddas burchi, deb biladigan xodimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ularning bugungi kunda mahalladagi «Temir daftar», «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari»ga kirgan insonlarning holidan xabar olib turishi ichki ishlar organlarining xalqimiz orasidagi obroʻ-eʼtibori yuksalishiga xizmat qiladi.
Bugun xalq bilan ishlash, hamisha xalq orasida boʻlish, uning gʻami, tashvishi va dardi bilan yashash, unga sadoqat bilan vijdonan xizmat qilish har bir ichki ishlar organlari xodimining oliy maqsadiga aylanmogʻi darkor. Har bir ichki ishlar organlari xodimi mahalla ahlini birlashtiruvchi bayramlarda, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish borasida tashkil etiladigan hashar va boshqa tadbirlarda, toʻy-maʼrakalarda xalq bilan hamkor, birga boʻlsa, xursandchilik va boshqa tashvishlarini birgalikda kechirsa, mahalla ahlining ularga ishonchi, hurmati ortib borishi muqarrar. Shundagina ichki ishlar organlari xodimlari xalqning xizmatida boʻlishdek burchini sharaf bilan ado etadi va uning ishonchini mutlaq qozonishga erishadi. Xalq esa oʻzining bunday farzandlarini har qanday vaziyatda ham doimo qoʻllab-quvvatlashga tayyor boʻladi.
Bahrom SAIDOV,
yuridik fanlar doktori, professor.
