Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Inson doim soʻzga, muloqotga ehtiyoj sezadi. Muloqot orqali bir-birimiz bilan fikr almashamiz, tuygʻularimizni ifoda etamiz, bahsga kirishamiz. Shu jihatdan qaraganda, muloqot kishilar uchun hamisha qulaylik vositasi boʻlishi kerak. Biroq oxirgi paytlarda aynan huquqni muhofaza qilish tizimida faoliyat yurituvchi xodimlarning muloqot jarayonidagi muammolari bilan bogʻliq video yoxud audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez koʻzga tashlanmoqda.
Mazkur muammolarni keltirib chiqaruvchi omillarga eʼtibor qaratilsa, koʻpincha yagona umumiylik – muloqot madaniyatining yetishmasligi ayon boʻladi. Toʻgʻri, bugungi kunda aksariyat odamlarda psixo-emotsional holat turgʻun emas. Ammo istalgan xodimning muloqotdagi, xizmat jarayonidagi kamchiligi birgina uning emas, butun tizimning kamchiligi deb talqin qilinayotgan hozirgi sharoitda muloqot madaniyatini oshirish masalasiga har doimgidan-da fasohat bilan yondashish talab etiladi.
Taʼkidlash joizki, Ichki ishlar vazirligining «Ichki ishlar organlarining tashqi sohaviy xizmatlari faoliyatida axloq va muloqot madaniyati kodeksi», «Ichki ishlar organlari xodimlarining odob-axloq qoidalari» hamda «Ichki ishlar organlari xodimlarining muomala madaniyatini oshirish choralari toʻgʻrisida»gi buyruqlari tizim xodimlari uchun dasturulamal boʻlmoqda.
Mutaxassislarning aniqlashicha, ishlayotgan kishilar vaqtning 45 foizini kimlarnidir tinglashga sarf qilar ekan. Odamlar bilan eng koʻp muloqot qiluvchi soha vakillari roʻyxatining avvalida esa ichki ishlar, savdo xodimlari, aloqachilar, rahbarlar, muxbirlar turishar ekan.
Maʼlumki, osoyishtalik posbonlarining xizmati asosan xalq orasida kechadi. Ular odatda aholi (murojaatchi), hamkasblari, gumon qilinuvchi, soʻroq qilinuvchi va boshqalar bilan muloqot qilishadi. Mana shu muloqot jarayonida yuksak madaniyatga ega ekanligini koʻrsatishning eng toʻgʻri yoʻli zarur hollarda odamlarni tinglay olishdir. Inson koʻpincha «eshitish» va «tinglash» tushunchalarini bir-biridan ajrata olmasligi mumkin. Muloqot koʻngildagidek kechishi uchun suhbatdoshlar, birinchi navbatda, bir-birini tinglashni oʻrganishlari kerak. Oldiga biror masala, iltimos yoxud yumush bilan kelgan insonning muammosini hal etish xodimning vakolat doirasida boʻlmasligi mumkin, ammo unga hamdard, xayrixoh ekanligini bildirib, tinglash orqali odamlarda ijobiy kayfiyat uygʻota oladi. Chunki birgina xodimning aholi orasida ijobiy taassurot paydo qildi degani, asta-sekinlik bilan butun boshli tizimga berilgan yuqori baho, ishonchning asosi boʻlib xizmat qiladi.
Ichki ishlar organlari xodimi aholi bilan ishlar ekan, umumiy bilim darajasi hamisha soha boʻyicha egallagan maxsus bilimidan yuqori boʻlishiga intilishi lozim. Chunki deyarli har kuni turli toifa va xarakterdagi kishilar bilan muloqot qilishiga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, xilma-xil hayotiy voqea-hodisalar yuzasidan ish olib borishga, ularni toʻgʻri baholashga, zarur qarorlarni qabul qilish va uning toʻgʻriligiga murojaat qilgan odamlarni ishontira olishi shart.
Xodim har bir holatda zarur ohangni, soʻzlarni, asosli va bexato ifodalanadigan fikrlarni topishi kerak. Chunki tinglayotgan shaxslarning xodim nutqini qanchalik aniq tushunishi nutqning tarkibiy tuzilishiga bogʻliq. Shundagina atrofdagilar bilan muloqotimiz muvaffaqiyatli boʻladi.
Xalqimiz orasida koʻpincha «odamiga qarab» muomala qilish kerak, degan qarash mavjud. Ammo notanish, yaʼni ilk bora koʻrishayotgan odamning feʼl-atvorini qanday aniqlash mumkin?
Darhaqiqat, birinchi bor koʻrishayotgan kishining nima sababdan jahl otiga minayotganiyu qaysi gaplar unga moydek yoqishini oldindan bilish qiyin... Butun dunyoda insonni oʻrganish ilmining ayni shu jihatga katta eʼtibor bilan qarashi ham bejiz emas. Yaʼni, xodim muloqot mahorati odobini oʻrganish bilan bir qatorda, insonning xatti-harakatlari, imo-ishoralariga qarab ham tashxis qoʻyishni oʻrganishi foydadan xoli boʻlmaydi. Chunki koʻplab xorijiy davlatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bu borada bilim va tajribaga ega boʻlishiga alohida eʼtibor bilan qarashadi.
Muomala madaniyatiga rioya etish ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy faoliyati va xizmatdagi xulq-atvorini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Shu bois ichki ishlar organlariga yoki aniq bir xodimga murojaat qilgan har qanday shaxs zudlik bilan qabul qilinishi va eʼtibor bilan tinglanishi kerak. Buning uchun, avvalo, ichki ishlar organlarining barcha darajadagi rahbarlari oʻz xodimlarini qoʻpollik va loqaydlikka nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalashi, fuqarolar bilan qoʻpol muomalada boʻlish holatlariga qatʼiy munosabat bildirishi hamda xulq-atvor va muomala madaniyati bilan oʻzlari namuna koʻrsatishi zarur.
Osoyishtalik posbonlari har doim aholi koʻz oʻngida ekanini, tizimning obroʻsi uning xulqi va xatti-harakatlariga bevosita bogʻliq ekanini hamda murojaat qilgan har bir fuqaroga yordam koʻrsatish aholida ichki ishlar organi faoliyati toʻgʻrisida ijobiy fikrni shakllantirishini yodda tutishi shart. Fuqarolar bilan xushmuomala boʻlish, ularning murojaatiga xolisona va vijdonan yondashish, ayniqsa, bolalar, ayollar va qariyalarga alohida eʼtibor qaratish, shuningdek, ichki ishlar organlariga olib kelingan har bir inson shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligini yodda tutishi va aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi kerak.
Xodimlar fuqarolar bilan muloqotda sansalorlikka yoʻl qoʻymasligi hamda oʻz vakolatlari doirasiga kirmaydigan murojaatlar yuzasidan fuqarolarni tegishli rahbar yoxud masʼul xodim bilan bogʻlashi, ichki ishlar organlariga chaqirilgan yoki olib kelingan fuqaroga, chaqirilishi yoxud toʻxtatilishi sabablarini tushuntirib berishi kerak. Bundan tashqari qonun hujjatlari normalarini tanishtirishi zarur.
Fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmatini kamsitish va haqorat qilish, ularga nisbatan qonunga xilof ravishda kuch ishlatish yoki kuch ishlatish bilan qoʻrqitish, jismoniy shaxslarning murojaatini koʻrib chiqishdan boʻyin tovlash yoki koʻrib chiqishni asossiz rad etishga hamda xizmat zarurati bilan chaqirilgan (olib kelingan) shaxslarni asossiz kuttirib qoʻyish aholining xodimlarga boʻlgan ishonchini kamaytiradi.
Shuning uchun murojaat qilgan har bir fuqaroning muammosini atroflicha oʻrganib, oʻz vakolati doirasida qonuniy hal etish, kerak boʻlsa, yordam berish har bir xodimning xizmat burchi ekanini ham unutmaslik lozim. Shundagina jamiyatda ichki ishlar organlari xodimining ijobiy qiyofasi shakllanadi.
Xalq manfaati yoʻlida xizmat qilayotgan har bir xodim, avvalo, oʻzining bilimi, maʼnaviyati va dunyoqarashi kengligi bilan ajralib turishi kerak.
Dunyoqarash, salohiyat, tafakkur teranligi esa, shubhasiz, muloqot jarayonida koʻzga tashlanadi. Chunki har bir inson muomalasi va muloqotiga qarab, suhbatdoshining qanday inson ekanligi haqida xulosa qiladi. Nutq gapirayotgan shaxsning ixtiyorisiz uning timsolini yaratadi, shaxsiyatini ochib beradi. Soddaroq aytganda, insonning soʻziga qarab, kimligiga baho berishadi.
Ulugʻ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy taʼbiri bilan aytganda:
Soʻzdurki, nishon berur oʻlukka jondin,
Soʻzdurki, berur jonga xabar jonondin.
Insonni soʻz ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yoʻq ondin.
Navoiyning muhiblaridan biri boʻlgan, Hirotda yashab ijod qilgan atoqli alloma Husayn Voiz Koshifiy ham «Bilgilki, odamzotning sharafi nutqi bilan va nutq odobiga rioya qilmagan odam bu sharafdan bebahradir» deya bejiz uqtirmagan. Zero, inson oʻziga ato etilgan mana shu beqiyos boylikning qadriga yetgandagina yuksak maqomga erishadi.
Dildora RAHMONOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ixtisoslashtirilgan filiali oʻqituvchisi.
