Maʼlumki, XVI asr boshiga kelib, amalda bir qancha mustaqil hokimliklarga boʻlinib ketgan Temuriylar saltanati Muhammad Shayboniyxon tasarrufiga oʻtadi. Ubaydullaxon (1533–1540) davrida xonlik poytaxti Samarqanddan Buxoroga koʻchirilgan. Shu davrdan boshlab ushbu davlat endilikda Buxoro xonligi deb ataladigan boʻldi. Buxoro xonligida keyingi yuz yillikda 2 ta sulola – shayboniylar (1501–1601) va ashtarxoniylar (1601–1756) hukmronlik qilgan.

XVI–XVIII asrlarga kelib Temuriylar davrida yagona taxt atrofida birlashgan mintaqada bir-biridan mustaqil uchta davlat – Buxoro (1756-yildan amirlik), Xiva (1511) va Qoʻqon (1709) xonliklari tashkil topgan.

Oʻrta asr anʼanalariga koʻra, xonliklar davridagi davlat boshqaruvi tizimidagi mansab va unvonlarni nisbiy ravishda uch turga boʻlish mumkin: maʼmuriy-harbiy, harbiy va diniy mansablar.

Maʼmuriy-harbiy mansab egalari urush paytida harbiy soha bilan band boʻlsa, tinchlik davrida oʻz vazifalaridan tashqari, hukmdor xavfsizligi, shahar va qishloqlardagi tartib-osoyishtalik, oʻgʻirliklar va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashishga ham masʼul boʻlgan.

Quyida mamlakat miqyosidagi xavfsizlik masalalariga masʼul boʻlgan ayrim lavozimlarga toʻxtalib oʻtamiz. 

Muhtasib (rais deb ham atalgan) – islom marosimlari, urf-odatlar va shariat qonunlarining bajarilishi, odamlarning jamoat joylarida yurish-turishi ustidan nazorat qiluvchi amaldor. Ular bozorlardagi narx-navo va oʻlchov asboblarining toʻgʻriligi ustidan nazorat qilish, diniy vazifalarini bajarmagan kishilarni jazolashga hukm chiqarish va oʻsha yerning oʻzida hukmni ijro ettirish kabi vakolatlarga ega boʻlgan. Muhtasibni odatda xon tayinlagan va u qozi bilan barobar ish koʻrgan, ammo u maʼmuriy jihatdan qozidan pastroq lavozim hisoblangan va undan ancha kam maosh olgan. 

Xon saroyidagi xavfsizlikni taʼminlash, ichki tartib-qoidalardan xabardorlik eshikogʻaboshi lavozimidagi shaxs zimmasiga yuklatilgan. Ular urush paytlarida oliy hukmdorning eng muhim harbiy topshiriqlarini ham bajargan.

Qorovulbegi – qorovullar, posbon va soqchilar boshligʻi. Qorovulbegi davlat tinchligi va xavfsizligiga javobgar shaxs hisoblansa, harbiy harakatlar chogʻida unga tegishli kishilar qoʻshin xavfsizligi, uni qoʻriqlash, soqchi-posbonlar qoʻyish singari ishlarga masʼul boʻlishgan.

Yasovul – kichik harbiy amaldor boʻlib, maʼmuriy-politsiya mahkamasining, shuningdek, xonning shaxsiy topshiriqlarini bajargan.

Dorugʻa (qutvol) – shahar, viloyat yoki qalʼalarning noiblari hisoblanib, ularning vazifasi oʻziga biriktirilgan hududni idora qilish, jumladan, aholini roʻyxatga olish, soliq yigʻish, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, urushlar paytida oliy hukmdor qoʻshini tarkibida oʻzlari hokimlik qilgan hudud lashkariga qoʻmondonlik qilishdan iborat boʻlgan.

Qozi askar – harbiylar sodir etgan jinoyatlarni taftish qilish va jazo tayinlash bilan shugʻullanadigan amaldor. Ular shariat qoidalarini mukammal oʻzlashtirgan, shu bilan birga, harbiy sohani ham yaxshi biladigan muftiylar orasidan tayinlangan.

Aholining tinchligi va osoyishtaligi uchun mirshablar (arabcha «mir» – «amir», yaʼni harbiy amaldor, forscha «shab» – «tun» soʻzlaridan olingan boʻlib, tungi soqchilar boshligʻi) masʼul hisoblangan. Mirshablar shaharlar va qishloqlarda kecha-yu kunduz soqchilik qilishgan, jamoat joylari, bozorlar va koʻchalarda tartib va osoyishtalikni taʼminlagan. Qozilar tomonidan tayinlangan jazoni ijro etish ham ularning zimmasiga yuklangan. Odatda mirshablar shahar mirshabboshisiga boʻysungan. Masalan, Buxoro shahri mirshabboshisiga bir vaqtning oʻzida amirlikdagi boshqa barcha shahar va viloyatlar mirshablari ham boʻysungan.

Keyingi asrlarda mirshablar faoliyatida qisman oʻzgarishlar boʻlgan boʻlsa-da, ushbu lavozim Oktabr inqilobigacha saqlanib qolgan. Toshkentning 4 dahasida 10 tadan mirshab, bir nafar mirshabboshi boʻlgan, 1892-yilgacha mirshablar katta oqsoqolga, keyinchalik Eski shahar politsmeysteriga boʻysungan. Jinoyatni aniqlash va jazo belgilashda shariat qonunlari va tarixan shakllangan odob-axloq qoidalari asosiy mezon hisoblangan.

Xonliklardagi sud tizimida ham oʻrta asrlarga xos xususiyatlar saqlanib qolgan. Masalan, Xiva xonligi sud tizimi vakolat doirasi va faoliyat shakliga koʻra, joylardagi fuqarolik va jinoyat ishlari bilan shugʻullanuvchi qozi sudlari, qozilar ustidan boshqaruv va nazorat bilan shu­gʻul­lanuvchi, shuningdek, muhim ishlarni oʻzi ham koʻrib chiqadigan qozikalon va qozi askar (qozi oʻrdu deb atalgan, saroy harbiy sudi) hamda siyosiy, oʻta ogʻir va mansabdor shaxslarga oid jinoyat ishlarini koʻruvchi oliy instansiya – xon sudi ( xon raislik qiluvchi oliy va markaziy mansabdor shaxslardan iborat boʻlgan)dan tashkil topgan.

Xiva xonligida xon mutlaq hukmdor sifatida qozilar tomonidan tayinlangan oliy jazo toʻgʻrisidagi hukmlarni koʻrib chiqqan va zaruratga koʻra unga oʻzgartirishlar kiritgan. Qozilarning muhim ishlar yuzasidan hukmlarini tasdiqlash va bekor qilish vakolatiga ega boʻlgan.

Xonlikdagi har bir viloyat, tuman, qasaba, shaharlarda xon tomonidan tayinlangan qozilar boʻlib, ular oʻz yordamchilari – muftiylar yordamida mulkchilik mojarolarini hal qilish, mayda jinoyatlarni ochish va shu singari ishlar bilan shugʻullangan. Viloyatlardagi jinoiy ishlarni koʻrib chiqishda mahalliy hokimning ham ishtirok etish huquqi bor edi. Qishloqlardagi mayda mojarolar qishloq oqsoqollari tomonidan hal qilinardi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, xalqimizda qadimdan oʻzgalar moliga koʻz olaytirish, oʻgʻirlik qilish nihoyatda qattiq qoralangan. Kamdan-kam uchrab turadigan tarozidan urish, oʻgʻirlik va boshqa shu kabi jinoyatlarda aybdor aniqlansa, u xalq oʻrtasida namoyishkorona jazolangan. Bu kabi taʼsir choralari oʻziga xos profilaktika vazifasini oʻtab, jinoyatchilikning kamayishiga sabab boʻlgan. 

Aholi tomonidan har bir mahalla, koʻchalarda xalq oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega shaxslardan oqsoqol saylangan, turli oilaviy kelishmovchiliklar, qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasidagi janjallar ana shu oqsoqollar tomonidan joyida hal etilgan. Ular tomonidan chiqarilgan hukmni hamma qabul qilishi va bajarishi shart boʻlgan. Faqat ilojsiz vaziyatlardagina mojaroga mirshablar va qozilar aralashgan. Bu esa milliy qadriyatlarimizning beshigi boʻlgan mahalla institutining qadimiy ildizga egaligidan, jamoat tartibini saqlash va jinoyatlarga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega boʻlganidan dalolat beradi. 

Elbek NORMOʻMINOV,

IIV Muzeyi boshligʻi, mayor.