Pandemiya kuchaygan 2020-yilda bir qator soha vakillari, xususan ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari oʻz xizmatlarini bir zum toʻxtatmadilar. Aksincha, soha vakillarining vazifalari ortgandan ortdi. Hali koronavirus infeksiyasidan himoyalanish yoʻllari maʼlum boʻlmagan, shuningdek vaksina oʻylab topilmagan vaqtda bunday faoliyat fidoyilik, qahramonlik edi.
Bu jarayonda ayrim yoʻl patrulʼ xizmati xodimlari hayotdan koʻz yumgani ham sir emas. Xususan, Jizzax viloyati IIB YHXB YPX otryadi 3- safabar guruhi YPX inspektori, serjant Kenjaboy Sulaymonov yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan xizmati davomida infeksiya yuqtirishi oqibatida vafot etdi. Uning yurt oldidagi xizmatlari unutilmadi. Mamlakatimiz rahbarining farmoni asosida “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Kenjaboy Sulaymonov taʼlim olgan Zarbdor tumanidagi 2-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabida uning sharafiga yodgorlik oʻrnatildi. Yodgorlikning ochilish marosimida Jizzax viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Olimjon Abdullaev, viloyat IIB YHXB boshligʻi, polkovnik Husan Xolqoʻziev va boshqalar Kenjaboy Sulaymonovni iliq soʻzlar bilan yodga olib, mard yigitning xotirasi safdoshlari qalbida abadiy yashashini bildirdilar.
Shu kuni Kenjaboy Sulaymonovning oila aʼzolari holidan xabar olindi. Darhaqiqat, asl oʻgʻlonlarning el oldidagi fidokorona xizmati aslo unutilmaydi.
Abbos DADAShOV,
Jizzax viloyati IIB YHXB inspektori, safdor.
