Sen kelsang, quvonchga toʻladi koʻngil, sen kelsang, bahorday yashnab ketar dil. Sen sabab daraxtlar hayratga choʻmdi, rostdan kelyapsanmi yana, Yangi yil?! Sen sabab dillarga inar iliqlik, qahraton sovuqning gashti oʻzgacha, qoʻllarimda qoʻlqop, boʻynimda-chi sharf, bola boʻp qolishni istaydir koʻngil...

 Chiroy ulashasan yer-u samoga, zavq bagʻishlar senga havas-la boqish. Goh Qorbobo, goh Qorqiz qiyofasida dillarga shodonlik olib kelgan qish. Fasllar almashib, senga keldi gal, oʻtinchim – poklikka burka dunyoni, oppoq injularing sochib olamga. Derazam oynasi… har kun tong sahar, turli suratlarga tushadi koʻzim, battar hayratimni oshirar mening – musavvir tabiat moʻjizalari. 

Bolalarga oʻxshab chopgim keladi, qiyqirgim keladi goʻdaklar kabi. Qorboʻron oʻynasam tolguncha holdan, soʻng chanada uchsam koʻzlarim yumib, oʻzim orzu qilgan manzilga qadar. 

Xayol qanday yaxshi, yashashing mumkin, aldov ne bilmagan murgʻak goʻdakday. Rostakam yigʻlasang va rostdan kulsang, oʻtkinchi gʻiybatlar, mayda mish-mishlar, koʻngilni gʻash qilgan barcha tashvishlar unutilib ketsa oʻsha lahzalar... 

Oʻrik shoxlarida ochilgan guldek, eh, biram nafisdir qor parchalari. Borliqni oppoq qor qoplagan mahal, qaniydi, qalblarni araz, ginalar tark etsa bir lahza, balki manguga… Axir, moʻjiza-ku, qarang betakror, yuzlarga urilgan har oppoq zarra. Bu paytni oʻtkazish mumkinmi yolgʻiz, doʻstlar diydorisiz tatirmi, ayting? 

Yana qor yogʻmoqda, yaxshi niyatlar, ezgu orzularning roʻyobin tilab, duoga qoʻl ochar bobodehqonim. Xirmonga baraka, xalqqa moʻl rizq-roʻz, yurtim osmoniga osoyishtalik, yoshlar yuragiga gʻayrat-shijoat… 

Orzular ulgʻaydi, uygʻondi umid, oqlikka burkandi zamin-u osmon. Meni ham eslab qoʻy shu lahzalarda... Seni baxtli koʻrmoq istaydi koʻngil. Yana xayollarga beraman qanot, yana shodlik zavqin keladi tuygim. Yana senga peshvoz chiqdim koʻchaga – xush kelding, Yangi yil! 

Sherzod 

ABDUSAMADOV.