Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

(30-iyun – Yoshlar kuni)

Yurtimizda yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash hamda tashabbuslarini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻnggi toʻqqiz yil yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning isteʼdod va salohiyatini roʻyobga chiqarishda «katta sakrash davri» boʻldi, desak, sira mubolagʻa boʻlmaydi. Negaki, shu muddat ichida yoshlarga oid yuzdan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, ikki yuzdan ortiq imtiyoz berildi.

Asosiy qonunimizning XIV bobi «Oila, bolalar va yoshlar» deb nomlangani hamda uning 78-moddasi toʻrtinchi bandida «Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi», deyilishi Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligining yaqqol dalilidir.

Yangi tahrirdagi Konstitut­siya­mizning 79-moddasi birinchi bandida esa «Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari hi­moya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi», deb alohida qayd etilgan. Mazkur moddaning ikkinchi bandiga koʻra: «Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi». Eng asosiysi, mazkur konstitutsiyaviy normalar nafaqat Oʻzbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Navqiron avlodimiz vakillari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz «Yoshlar Konstitutsiyasi» deya eʼtirof etilayotgani ham bejiz emas.

2016-yil 14-sentabrda «Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilindi. 2020-yil 30-iyunda «Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 2021-yil 20-aprelda «Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimioy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi hamda 2024-yil 21-fevralda «Oʻzbekiston–2030 stra­tegiyasini «Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmonlar eʼlon qilindi. Ular ijrosini taʼminlash boʻyicha qator qarorlar qabul qilingan.

Bunyodkor soʻzini biz asosan bino yoki inshootlar quruvchilariga nisbatan ishlatamiz. Lekin Oʻzbekiston, Vatan degan ulugʻ bino, buyuk bir inshoot ham borki, uni dunyoga tanitish, uning obroʻyi va nufuzini oshirish yoʻlida jon nisor qilayotganlarni, hech ikkilanmasdan, Oʻzbekiston bunyodkorlari, deb ataymiz. Osiyo chempioni boʻlgan 17 yoshli oʻsmirlarni, yaqinda jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolarini, olimpiada chempionlari, shaxmat boʻyicha xalqaro grossmeysterlar, fan olimpiadalarida gʻolib chiqqan oʻsmirlarimizni Oʻzbekiston bunyodkorlari, desak, sira mubolagʻa boʻlmaydi.

Prezidentimizning 2024-yil 27-iyundagi «Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, yoshlarni oʻqitishga, ilm olishlari uchun shart-sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilib, 150 ming nafardan ziyod yigit-qizlar taʼlim kreditidan foydalandi. Ehtiyojmand oilalarda oʻsgan 110 ming nafar talabaning kontrakt pullari davlat tomonidan toʻlab berildi. Bu maqsadar uchun 332 milliard soʻm ajratildi. Yaratilgan imtiyozlar tufayli «El-yurt umidi» jamgʻarmasi orqali yetti yilda AQSHning «Pechak ligasi»ga kiruvchi Garvard, Yel, Kolumbiya, Stenford kabi top-8 ta, Buyuk Britaniyanining «Rassell guruhi»dagi Oksford, Kembridj, Birmingem kabi 24 ta oliygohlarda 50 nafardan ziyod yoshlarimiz tahsil olib kelishdi. Ayni damda 110 ming nafar oʻgʻil-qizimiz xorijda tahsil olmoqda.

Oʻtgan yili 14 mingdan ziyod oʻquvchi maktablarni oltin va kumush medallar bilan bitirdi. Maktab oʻquvchilari «Katta beshlik» fan olimpiadalarida qoʻlga kiritgan medallar soni oxirgi toʻrt yilda ikki barobarga oshdi. Xorijiy oliygohlarda oʻqish uchun yoshlarimiz matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash boʻyicha «AST» imtihonini topshirishmoqda. Mazkur testlarda 75 foizdan yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar chet elning eng nufuzli oliygohlariga grant yutishmoqda.

Oʻz navbatida, ichki ishlar organlarida ham istiqbolli yosh xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlashda izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuhrat Roʻziyev,

oʻz muxbirimiz.