Inson mavjudotlarning gultoji, aziz-u mukarramidir. Uning huquq va manfaatlari esa tugʻilishidan to vafot etguniga qadar butun umri davomida unga hamrohlik qiladi. Shu bois inson bu yorugʻ dunyoda tinch va xotirjam, baxtli va farovon hayot kechirishga haqli. Uning qadr-qimmatini ulugʻlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasiga oliy qadriyat darajasida qarash har qanday davrda ham ustuvor ahamiyat kasb etaveradi.
Bugun Oʻzbekistonda ham tom maʼnoda insonparvar siyosat amalga oshirilmoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar inson dard-u tashvishlarini yengillatish, uning farovon hayot kechirishiga qaratilgan boʻlib, xalq bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni ijobiy hal etish boʻyicha yangi tizim yaratildi. «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan xalqchil gʻoya qaror topdi va bu tobora mustahkamlanib bormoqda.
2023-yilning 30-aprel kuni umumxalq referendumida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham «Oʻzbekiston – huquqiy davlat» degan tamoyil qatʼiy belgilanib, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga koʻpaytirildi. Inson shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi nazarda tutilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi. Jumladan, shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi, odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning «sukut saqlash» huquqi mustahkamlandi.
«Inson qadri uchun» tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon boʻlishi shartligi belgilab qoʻyildi.
Yana bir muhim hujjat: yettita ustuvor yoʻnalishdan iborat «Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi»da ham «Inson qadri uchun – 100 ta maqsad» belgilab olinganini eʼtirof etish zarur. Jumladan, uning har bir yoʻnalishida fuqarolar uchun munosib shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu maqsadlar mujassamlashgan.
Soʻnggi yillarda inson huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida muhim oʻrin tutadigan sud-huquq tizimida tub islohotlar amalga oshirilayotganini alohida eʼtirof etish zarur. Jumladan, nazorat instansiyasi bekor qilinib, fuqarolar va advokatlarning shikoyatlari ham, xuddi prokuror protesti kabi, toʻgʻridan toʻgʻri koʻriladigan tartib oʻrnatildi.
Ilk bor mansabdorlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turadigan maʼmuriy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular orqali fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklanmoqda. Iqtisodiy va fuqarolik sudlarida prokurorning ishtiroki cheklandi, jinoyat ishlarini asossiz ravishda suddan chaqirib olish bilan bogʻliq amaliyotga barham berildi.
Xalqaro mehnat tashkilotining zamonaviy talablari va tavsiyalariga javob beradigan yangi Mehnat kodeksi qabul qilingani ham inson manfaatlarini, uning mehnat qilish va dam olish huquqlarini yuksak darajada taʼaminlashga xizmat qilmoqda.
Shu oʻrinda bevosita inson omilini ulugʻlaydigan faktlarni keltirib oʻtmoqchiman:
Yaqin yillargacha mamlakatimizda bolalarning maktabgacha taʼlim qamrovi 30 foizga ham yetmasdi, aksariyat bolalar bogʻchaga bormasdi. Soʻnggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etilib, ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalarimiz qamrovi 67 foizga koʻtarilgani insonga eʼtiborning yana bir yorqin namunasi emasmi?
Maktab taʼlimidagi islohotlar jamiyatda oʻqituvchilar maqomini oshirishdan boshlandi. Pedagog xodimlar ish haqi muntazam oshirilib, aksincha, oʻqituvchilar toʻldiradigan hujjatlar soni kamaytirildi. Iqtidorli yoshlar uchun mutlaqo yangi turdagi Prezident maktablari va ijod maktablari tashkil etildi.
Bundan tashqari, 200 tadan ortiq yangi maktab barpo etildi va 3 mingdan ortiq mavjud maktablar rekonstruksiya qilindi va toʻliq jihozlandi. Shuningdek, 11 yillik maktab taʼlimiga oʻtilishi munosabati bilan boʻshab qolgan 383 ta kasb-hunar kolleji maktabga aylantirilib, qoʻshimcha 221 mingta oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Koʻplab yangi oliy taʼlim dargohlari ochilib, taʼlimning bakalavriat, magistratura va sirtqi shakllari uchun kvotalar oshirildi, kechki taʼlim shakli joriy etildi. Natijada maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim bilan qamrov darajasi oldingi 9 foizdan qariyb 30 foizga yetkazildi.
Sogʻliqni saqlash tizimida ham muhim islohotlar izchil olib borilmoqda. Shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon va zarur buyumlar bilan taʼminlash maqsadida davlat tomonidan ajratilgan mablagʻlar miqdori oʻtgan davrda 12 barobar koʻpaytirildi. Avvallari maʼlum sabablar bilan yopilib ketgan oilaviy shifokorlik punktlari qayta ochildi, birlamchi tibbiyot xalqqa yaqinlashtirildi.
Aholini uy-joy bilan taʼminlash masalasiga ham katta eʼtibor berilmoqda. Yangi massivlar, shaharchalar qurilib, ehtiyojmand fuqarolarga uzoq muddatli ipoteka kreditlari va subsidiyalar asosida sotilmoqda.
Oʻzbekistondagi inson omiliga eʼtibor, uning huquq va erkinliklari taʼminlanishi, qonun ustuvorligi, ochiqlik va oshkoralik, soʻz erkinligi, majburiy mehnatga chek qoʻyish va ochiq siyosat yuritish boʻyicha erishilgan yutuqlarni bugun xalqaro hamjamiyat alohida eʼtirof etmoqda.
Xulosa sifatida shuni taʼkidlash mumkinki, yurtimizda kechayotgan ulkan oʻzgarishlar va yangilanishlar davrida avvalo inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish birlamchi vazifaga aylandi. Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini oʻzgartirmoqda. Inson qadri tom maʼnoda ulugʻlanib, «Davlat – inson uchun» degan ezgu gʻoya hayotda oʻzining amaliy ifodasini topyapti.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
